Abituriyentlarning kiyimiga talab qo‘yilmagan

5-avgust kuni qalampir.uz internet-nashrida «TDAU test sinoviga futbolkada kelgan abituriyent binoga kiritilmadi» nomli maqola e’lon qilingan edi.

Maqolada «Toshkent davlat davlat agrar universitetiga o‘qishga hujjat topshirgan abituriyentlardan biri – Bekzod Abdulazizov 1-avgust kuni bo‘lib o‘tgan test sinovlarida ishtirok etish uchun ichkariga kiritilmagani, bunga esa uning test sinovlariga oq ko‘ylakda kelmagani ro‘kach qilingani» haqida yozilgan.

Davlat test markazi ushbu holatni o’rganish asosida quyidagilarni ma’lum qiladi:

2019/2020 o’quv yili uchun Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga kirish maqsadida ro’yxatdan o’tgan abituriyentlar orasida ismi Bekzod, familiyasi esa Abdulazizov bo’lgan 4 nafar abituriyent mavjud.

Ulardan bir nafari Namangan davlat universitetining «Jismoniy madaniyat» yo’nalishiga ro’yxatdan o’tgan bo’lib, mazkur yo’nalish uchun test sinovlari o’tkazilmaydi, ular kasbiy (ijodiy) imtihon asosida o’qishga qabul qilinadi.

Qolgan 3 nafar abituriyent esa turli sanalarda test sinovlarida ishtirok etgan va test sinovlari natijalari abituriyentning shaxsiy kabinetida e’lon qilingan.

Maqolada berilgan ma’lumot asosida unga mos kelishi mumkin bo’lgan faqatgina bir nafar abituriyent mavjud ekanligi aniqlandi. Mazkur abituriyent Abdiazizov Bekzod (familiyasi Abdulazizov emas Abdiazizov) bo’lib, Toshkent davlat agrar universitetiga o’qishga kirish uchun ro’yxatdan o’tgan va 1-avgust kuni 2-smenada test sinovlarida ishtirok etishi kerak bo’lgan. Lekin abituriyent test sinovlarida qatnashmagan. Abituriyent bilan mas’ul xodimlar bog’langanda, ayrim sabablarga ko’ra o’z ixtiyori bilan test sinovlariga kelmaganligini ma’lum qilgan.

Davlat test markazi tomonidan abituriyentlarning kiyimiga talab qo‘yilmagan bo’lib, abituriyent ruxsatnomasi va shaxsini tasdiqlovchi hujjat – pasport bilan test sinovlariga o‘z vaqtida kelgan hamda shaxsi tasdiqlangan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etishi ta’minlanadi.

Manba: Davlat test markazining rasmiy

telegram kanali: @rasmiydtm

Foydali havolalar