Korrupsiya-bu nima? Korrupsiyani jamiyatdagi har bir odam har xil tushunadi. Chunki korrupsiya ba’zi bir odamlar uchun taraqqiyot kushandasi. Ba’zi bir odamlar uchun esa shunchaki o’z manfaat, ehtiyojlarini qondirishning bir usuli. Jamiyatda har xil insonlar uchrab turadi. Ko’chma ma’noda ezgulik va yovuzlik tarafdorlari. Ezgulik tarafdori bo’lgan insonlar davlat, jamiyat uchun qanday ijobiy xizmat qilsam ekan deb o’ylasalar, yovuzlik tarafdori bo’lgan shaxslar esa shaxsiy manfaatlarini ko’zlab davlat va jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Korrupsiyaga yuridik jihatdan ta’rif beradigan bo’lsak, korrupsiya-bu mansabdor shaxslarning shaxsiy boyish yoki mulkiy naf ko’rish maqsadida sotilishidir. “Korrupsiya” so’zi lotincha so’zdan olingan bo’lib, “buzish”, “sotib olish” degan ma’nolarni bildiradi.
Korrupsiya hozirgi kunda dunyo davlatlarini tashvishga solib kelayotgan global muammolardan biridir. Korrrupsiyaning insoniyat kelajagiga solayotgan xavfi har birimizni ogohlikka chaqiradi. Umuman olganda, korrupsiya O’zbekistonga qanchalik zarar keltirmoqda? O’zbekistonda qaysi bir soha rivojlanishdan oqsayotgan bo’lsa, bularning barchasiga korrupsiya sabab. Ayniqsa, korrupsiya iqtisodiyotga, davlat g’aznasiga juda katta zarar keltirmoqda. Haqiqatni haqqoniy aytadigan bo’lsak, butun bir hayotimizni korrupsiya chulg’ab olgan. Misol qilib aytadigan bo’lsam, go’dakning tug’ilishidan tortib, uning o’smirlik davri, ishdagi faoliyati, butun bir umri davomida korrupsiya bilan to’qnashishiga to’g’ri keladi. Xo’sh, yaxshilab o’ylab ko’raylik! Bunga kim aybdor? Bolani pul evaziga o’qishga joylab qo’ygan ota-onalarmi? Jiyanini tanish-bilish qilib yaxshi ishga joylab qo’ygan amaki, tog’alarmi? Mansab lavozimiga ko’tarilish uchun direktoriga pora bergan xodimmi? Xo’sh, bunga kim aybdor? Aslida, bunga barchamiz aybdormiz. Chunki korrupsiyaning rivojlanishiga o’zimiz imkon yaratib bermoqdamiz. Mayli, siz korrupsiya jarayonida qatnashmagan bo’lishiningiz mumkin. Lekin shu porani olish-berish jarayonida guvoh sifatida ko’zingiz tushgan bo’lishi mumkin. Shu narsani ko’rib, bilib, e’tiborsizlik, loqaydlik, mas’uliyatsizlik botqog’iga barchani nima boshlab keldi? Bularning barchasiga bilimsizlik, ilmsizlik, hozirgi global muammolardan bexabarlik sabab bo’ldi. Bunga yaqqol misol qilib Behbudiyning “Padarkush” asarini keltirishimiz mumkin. Asarda bolaning bilimsizligi, ilmsizligi otasining o’limiga sabab bo’ladi. Ya’ni o’g’il o’z otasini pichoqlab o’ldiradi. Hozirda yoshlarning bilim olishi, o’qib o’rganishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Biz shunday sharoitlardan foydalangan holda yurtimizga kerakli, sadoqatli, vijdonli, halol shaxs bo’lib yetishishimiz kerak. Insonni inson qilib turgan uning aqli hisoblanadi. Inson aqli shu darajada kuchliki, uni tasavvurimizga sig’dirib bo’lmaydi. Bu aqlni esa davlat uchun, yurt uchun, uning kelajagi uchun ishlatishimiz zarur. Lekin ba’zi bir kimsalar borki, korrupsiya deb atalmish yovuzlikning botqog’iga botib bormoqdalar. Ularning nodonliklari, bilimsizligi tufayli davlat katta zarar ko’rmoqda.
Korrupsiyaning jamiyatga salbiy ta’siri tufayli davlatning barcha sohalariga zarar yetmoqda. Sharl Monteskyo korrupsiyani yo’talga o’xshatadi: “yo’talni rivojlanmasidan oldin aniqlash qiyin, ammo davolash oson, lekin yo’tal rivojlanib ketsa, uni aniqlash oson davolash qiyin” degan edi. Bundan ko’rinib turibdiki, korrupsiyani rivojlanmasidan oldin uning ildiziga bolta urilsa, O’zbekistonda haqiqiy demokratik davlat qurish mumkin. Lekin korrupsiyaning rivojlanishiga shunday qarab tursak, fuqarolik jamiyati, demokratik davlat qurish haqidagi maqsadimiz quruq qog’ozda qolib ketadi. Shuning uchun jamiyat orasida fuqarolarning huquqiy madaniyatini, ongini oshirish zarur deb o’ylayman. Buning uchun aholi orasida korrupsiya kabi yomon illatlarning oqibatlari nimaga olib kelishini aholiga tushuntirishimiz zarur deb o’ylayman. Albatta, buning uchun yoshlarni bo’sh vaqtini to’g’ri taqsimlash zarur. Chunki O’zbekistonning kelajagi yoshlarning qo’lida. Yoshlarni ongini g’oyaviy bo’shliqlardan tozalab, ularni turli xil to’garaklar, sport turlariga qatnashishini zarur deb o’ylayman. Chunki kelajakda u inson bilimsizligi tufayli korrupsiya botqog’iga osongina botib qolishi mumkin. Korrupsiya tufayli jamiyatning barcha toifalari orasida hokimiyatga nisbatan ishonchsizlik paydo bo’lishi mumkin. Bir mansabdor shaxsning adolatsizligi sababli hokimiyatning, davlatning sha’niga putur yetishi mumkin. Bu esa davlatning inqiroziga sabab bo’lishi mumkin. Chunki hokimiyat va xalq o’rtasidagi munosabatni o’zaro ishonch tashkil qiladi. Korrupsiyadan aziyat chekkan inson kelajakda korrupsiya bilan shug’ullanmaydi deb kim kafolat beradi? Korrupsiya kimningdir nazarida o’z ehtiyojini qondirishning oson yo’li bo’lib ko’rinishi mumkin. Lekin bu narsa davlat, jamiyat kelajagi uchun katta xavfdir.
O’zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida juda katta islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2017-yil 4-yanvardan kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi kurash to’g’risida”gi qonun. Qonun 6 bob va 34 moddadan iborat. Ushbu qonunning maqsadi korrupsiyaga oid munosabatlarni tartibga solishda iborat. Bu qonun O’zbekiston tarixidagi muhim hujjat hisoblanadi. Bundan tashqari O’zbekiston 2003-yil 31-oktabrda qabul qilingan va 2005-yil 7-iyuldan kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi kurash konvensiyasi”ga ham a’zo hisoblanadi. Xalqaro tajribalar shuni ko’rsatadiki, korrupsiya eng rivojlangan davlatlarning deyarli barchasida ma’lum miqdorda bor. Singapur tajribasini oladigan bo’lsak, bu davlatda korrupsiya miqdori kamligi kishini o’ziga jalb etadi. Bunday bo’lishiga asosiy sabab korrupsiya jinoyati uchun og’ir jazoning joriy etilganligi hisoblanadi. Mening fikrimcha, O’zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida kuchli mexanizm ishlab chiqish zarur. Albatta, bu mexanizmning asosini qonunlar, davlat dasturlari tashkil qilishi lozim. U shunday mexanizm bo’lishi kerakki, bog’chadan tortib oliy davlat organlarining faoliyatini tartibga solishi zarur deb o’ylayman. O’zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurash sohasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2019-2021-yillarga mo’ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturi. Bundan tashqari Jinoyat kodeksining 210-moddasi pora olish, 211-pora berish, 212-modda pora olish-berishda vositachilik qilish.
Xulosa sifatida aytadigan bo’lsam, korupsiyaning davlat va jamiyatga xavfi juda kattadir. Siz o’ylashingiz mumkin ikki odamning pora olish-berishda qatnashishi O’zbekiston g’aznasiga dengizdan tomchi bo’lib ko’rinshi mumkin. Lekin shunga o’xshagan kimsalarning minglab qilmishlari vaqt o’tgan sayin davlatning parokanda bo’lishiga olib keladi. Tasavvur qilib ko’ring, davlatda korrupsiya va shunga o’xshagan illatlarning yo’q bo’lishi davlat va jamiyat uchun qanchalik foyda keltirgan bo’lardi? Korrupsiya yo’q bo’lganida barcha sohalar gullab-yashnagan, davlat iqtisodiyoti, g’aznasi boyigan bo’lardi. Endi o’zingizga savol bering ko’ring. Korrupsiyani yo’q qilish vaqti kelmadimikan?…
S.Matyoqubov,
Yuridika fakulteti yurisprudensiya yo’nalishining 2-guruh talabasi.