Ekosistemalardagi turlar xilma-xilligini saqlash va ularning qo‘nim topgan ekologik nishasini muhofaza qilishda, shuningdek, biosferadagi ko‘plab ekologik muammolarni hal etish, uning barqarorligini ta’minlashda xalqaro ekologik hamkorlik shu jumladan, Ramsar konvensiyasi ham alohida ahamiyatga ega.
Shu munosabat bilan, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Biologiya fakultetida mazkur ekologik sa’naga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirga biologiya kafedrasi hamda ekologiya va tuproqshunoslik kafedrasining professor-o‘qituvchilari shuningdek, talaba-yoshlar qatnashdi. Tadbirni ekologiya va tuproqshunoslik kafedrasining o‘qituvchisi biologiya fanlari nomzodi, dotsent A.Qidirbaeva ochib berdi. U o‘z so‘zida “Ma’lumki, 1971-yil 2-fevral Eronning Ramsar shahrida “Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan, asosan, suvda suzuvchi qushlar yashash joylari hisoblangan suvli-botqoq yerlar to‘g‘risidagi” xalqaro konvensiya qabul qilingan va bu kun har yili butunjahon miqiyosida keng nishonlanadi. Ayni paytda mazkur konvensiyaga dunyoning 170 dan ortiq davlatlari, shu jumladan, mamlakatimiz ham a’zo”.
Tadbirni ekologiya va tuproqshunoslik kafedrasi assistenti Q.Turdiboev Ramsar konvensiyasining maqsad va vazifalari, funksiyasi shuningdek, ahamiyatini o‘z bayonotida keltirib o‘tdi. Uning takidlashicha, ushbu konvensiya suvda va suv yaqinida yashovchi qushlar biologik xilma-xilligini saqlab qolish va muhofaza qilishda muhimdir. Shuningdek, konvensiyada suv qushlari deganda ekologik jihatdan suv-botqoq yerlari bilan bog‘liq qushlar tushuniladi. Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 30-avgusdagi “Xalqaro ahamiyatga ega suv-botqoq yerlari, asosan suv qushlarining yashash joyi to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishi to‘g‘risida”gi 278-sonli qarori bilan tasdiqlangan va 2002-yil 8-fevralda kuchga kirgan. Mazkur konvensiyada, suvda suzuvchi qushlar mavsumiy ko‘chib yurish paytida milliy chegaralarni kesib o‘tishlari mumkinligini e’tirof etib, ularni xalqaro resurs sifatida qaraladi va ularning yashash joylari ya’ni botqoqli yerlari, ularning florasi va faunasini muhofaza qilish orqali milliy siyosatni muvofiqlashtirilgan xalqaro harakatlar bilan birlashtirish orqali ta’minlanishi mumkinligiga ishonch hosil qilib, kelishilgan”.
Mazkur konvensiyaga muvofiq respublikamizda qilinayotgan bir-qancha ishlar va uning tarkibiga kiritilgan suv ekosistemalarining bugungi biologik va ekologik holatini Magistratura bo‘limi ekologiya mutaxassisligi 1-kurs talabasi Rajabova Nilufar respublikamizdagi alohida muhofaza qilinadigan hududlardan biri “Dengizko‘l” davlat buyirtmaxonasi misolida o‘z bayonoti bilan qatnashdi. Uning takidlashicha, 1973-yilda Dengizko‘l akvatoriyasi suvda va suv yaqinida yashovchi hamda botqoq qushlari: kichik qorabuzov, saqoqush kabi qushlarni muhofaza qilish uchun davlat buyurtmaxonasi, deb e’lon qilingan va yerda, 133 xil qushlarni uchratish mumkin. 2001-yilda Dengizko‘l akvatoryasi Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kiritilgan. Buyurtmaxonada O‘zbekistonda noyob tur hisoblangan kulrang echkemar, O‘rta Osiyo kobrasi va O‘rta Osiyo toshbaqasi hamda jayron, sayg‘oq, buxoro bug‘usi va boshqa bir qancha noyob turlarni uchratish mumkin.
Tadbir davomida, talaba-yoshlar uchun mazkur konvensiya va uning ahamiyati haqida hamda “OTUS” klubining faoliyati bo‘yicha yetarlicha ma’lumotlar keltirib o‘tildi. Tadbir so‘ngida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.
Nilufar Rajabova,
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti
Magistratura bo‘limi Ekologiya mutaxassisligi 1-kurs magistranti.
