Ibratli hayot

Hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, ular haqida yozishga cho‘chib turasan. Yoshi, salobati, bosib o‘tgan umr yo‘llari, jonkuyarligi va mehnatsevarligi o‘ylantiradi. Hayratlanarli darajada yoza olarmikinman, degan andishaga borasan. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi  mudiri, dotsent  H.Abdullayev ana shunday fidoiy insonlardan biri.

Har birimiz istalgan sohada mehnat qilmaylik, ustoz va murabbiylarga ehtiyoj sezamiz. Avvaliga maktabgacha ta’lim muassasasi, keyin maktab, navbati bilan oliy o‘quv yurtida ustozlardan saboq olamiz. Xalqimizning ustoz otangdek ulug‘, degan purhikmat naqlida ham o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtirom namoyon.

Haqiqatan ham, ko‘z nuri va qalb qo‘rini, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag‘ishlagan, bir so‘z bilan aytganda, Vatanimizning ertangi kunining poydevorini yaratayotgan bu insonlarning olijanob mehnatiga har qancha tahsin aytsak oz.

Ustoz deganda, har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat – ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab va ado qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik xissi paydo bo‘ladi. Ustozlarimiz o‘giti, keksalarimiz pand-nasihatlariga amal qilib borsak, aslo kam bo‘lmaymiz. Bu bilan ustoz va murabbiylarimiz oldidagi ilk burchimizni ado etgan bo‘lamiz. Inson, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashaydi. Xalqimiz ustozlarni e’zozlab: “Ustozning umri – mangu, chunki shogirdlar umri unga ulanadi”, – deydi. Ha, juda ham to‘g‘ri fikr. Muallim – ustoz shunday mo‘tabar zotki, uning nomi ham, umri ham hamisha boqiydir. Ustoz va murabbiy! Biz barchamiz yoshimiz, kasb-u korimizdan qat’iy nazar, bu so‘zlarni eshitganimizda ko‘nglimizdan faqat iliq fikrlar-u yorqin xotiralar o‘tadi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining haqiqiy ma’nodagi ustunlaridan biri Hamro Abdullayev ham 25 yildirki, talabalarning sevimli shu bilan birga talabchan ustozi. Bugun roppa-rosa 50 yoshni qarshi olgan Hamro  Abdullayev o‘zining pedagogik faoliyati davomida qanchadan qancha talaba-yoshlarni bilimli, ma’rifatli va o‘z sohasining ustasi qilib yetishishlarida tinmasdan mehnat qildi. Hamro Abdullayev o‘z faoliyatini 1996-yili “O‘zbek filologiyasi” kafedrasi assistenti sifatida boshlagan bo‘lsa, tirishqoqligi va mehnatsevarligi tufayli O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani lavozimigacha bo‘lgan bosqichlarni bosib o‘tdi. Hozirgi kunda esa “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi kafedra mudiri lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Hamro Abdullayev nafaqat pedagog, balki olim sifatida ham biz yoshlarga tom ma’noda namuna ko‘rsatib kelmoqda. Rahbarlikning mashaqqatli mehnatlaridan ortib, vaqt topib ilmiy faoliyatida ham samarali natijalarga, ko‘pgina yutuqlarga erishib kelmoqda. Ustoz, shu kunga qadar 4 ta o‘quv qo‘llanma,  3 ta monografiya, 1 ta risola, 100 dan ortiq ilmiy maqola va tezislarning muallifi.                        Hamro aka Abdullayev 3 nafar zabardast o‘g‘ilning  otasi. Turmush o‘rtog‘i Zulfiya opaning hayotida haqiqiy ma’nodagi suyanchig‘i. Bir so‘z bilan aytganda jamiyatimizdagi eng namunali oilalardan birining egasi.

Ustozimizni bugungi tavallud ayyomi bilan O‘zbek filologiyasi fakulteti jamoasi va talabalari nomidan chin dildan mubarakbod etamiz! Biz kabi shogirdlarni tarbiyalashdan aslo charchamang!

 

 

O‘zbek filologiyasi fakulteti jamoasi

 

Foydali havolalar