KORONAVIRUSGA QARSHI VAKSINA – MUSTAHKAM SOG‘LIK GAROVI

 Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Maqsud Kurbaniyazov fakultet talabalarini koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanishga chaqirdi:

– Assalomu alaykum, hurmatli talabalar! Barchangizga ma’lumki, boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham afsuski koronavirus balosi vatandoshlarimiz salomatligiga tahdid solishda davom etmoqda. Ayni vaqtda SSV statistikasiga e’tibor qaratsak, kunlik ko‘rsatkichlar yaxshilanayotgani yo‘q. Yagona chora – kasallikka qarshi vaksina bilan emlanish. Koronavirusdan omon qolish, hayotimizni davom ettirishning o‘zga yo‘li yo‘q.

Quvonarlisi, davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan koronavirusga qarshi bir nechta davlatda ishlab chiqarilgan samarali vaksinalar yurtimizga olib kelindi. Natijada aholimiz qatori barcha professor-o‘qituvchilar va talabalar bepul emlanish imkoniga ega bo‘ldilar. Hatto to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarga katta imtiyoz – o‘z vaqtida vaksina olgani uchun bir yillik to‘lovning 10 foizi miqdorida chegirma berilishi e’lon qilindi! Xalqimizga, yoshlarimizga g‘amxo‘rlik, kuchli ijtimoiy himoya bundan ortiq bo‘lishi mumkinmi? Yo‘q albatta!

Hozirgi kunda xorijiy davlatlarda davolanish ham, vaksina olish ham katta mablag‘ talab qilayotgani yoki vaksina olishga moliyaviy sharoiti to‘g‘ri kelmasdan nobud bo‘layotgan odamlar haqidagi ma’lumotlar bugun hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Shunday ekan, keling aziz talaba yoshlar, vaqtni boy bermasdan kasallikning oldini olaylik! O‘zimiz, ota-onamiz, oilamiz, yaqinlarimiz hayotini xavf ostida qoldirmaylik! “Biz vaksina olamiz va albatta koronavirusni engamiz!” shiori ostida birlashaylik! Qadrli talaba yoshlar, sog‘lom turmushimizni bugundan bunyod etaylik!

 

Foydali havolalar