Farzandlar ta’lim-tarbiyasi, yosh avlodni barkamol insonlar etib kamolga yetkazishga alohida e’tibor qaratish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan biri hisoblanadi. Ustoz deganda, har qaysi inson ko’nglida chuqur hurmat – ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg’ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o’lchab va ado qilib bo’lmaydigan qarzdorlik hissi paydo bo’ladi. Inson, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo’l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo’lida zahmat chekkan ustoziga nisbatan ko’nglida hamisha minnatdorlik tuyg’usi bilan yashaydi. Filologiya fanlari nomzodi dotsent Farhod Bobojonov Qurbanbayevich ana shunday fidoiy ustozlardan biri.
Ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniy aytganidek, «Har bir muallimning saodati, davlatimizning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir». Darhaqiqat, biz yosh avlodni ma’nan yetuk, tafakkur olami keng va bilimli insonlar etib tarbiyalayotgan murabbiylar timsolida ertangi kunimizning porloq kelajagini, jonajon Vatanimiz taraqqiyoti uchun sidqidildan xizmat qiluvchi o‘g‘il-qizlarimiz baxtini ko‘ramiz. Yuragi g‘ayrat-shijoatga to‘la, yoshlar tarbiyasidek mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olgan mehridaryo ustozlarimiz doimo e’zozda. Jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy salohiyati ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Ustozlar jamiyat binosining binokorlari, ma’rifat bog‘ining bog‘bonlaridir. Ular hayot bo‘stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun beqiyos mehnat qiladi. Shuning uchun ham uning shogird ustidagi haqqi benihoya katta va ulug‘dir. Ustoz shogirdini o‘z farzandidek ko‘radi. Ustozning sa’yi-harakatlari, mehnati hamda chekkan zahmati sabab hayot yo‘llarida ildam odimlaymiz. Uning qo‘llarini tutib, ilk bor ilm olamiga sayrga chiqamiz. Undan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, olg‘a yurishni o‘rganamiz. Vaqt o‘tib, turli tashkilot va idoralarda faoliyat yurita boshlaganimizda, yoxud o‘z biznesimizni yo‘lga qo‘ygan vaqtda sizning o‘gitlaringiz, nasihatlaringiz qo‘llanmamizga aylanadi. Ich-ichimizdan «Ta’lim bergan ustozlarimga rahmat!», deb pichirlab ham qo‘yamiz. Hayotda erishgan yutuqlarimiz uchun ulardan minnatdor bo’lamiz.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining haqiqiy ma’nodagi ustunlaridan biri Farhod Bobojonov Qurbanbayevich ham 25 yildirki, talabalarning sevimli shu bilan birga talabchan ustozi. Bugun roppa-rosa 50 yoshni qarshi olgan Farhod Bobojonov o‘zining pedagogik faoliyati davomida ko’plab shogirdlarga mehribon ustoz, samimiy maslahatchi bo’lib kelmoqda. Farhod akada boshqalarda yo’q bir ajoyib hislat mavjud-bu uning samimiyligi. Har qanday vaziyatda ham, xoh u o’quvchi bo’lsin, xoh u jamoa a’zosi, xoh oddiy tanish- barchasi bilan birdek, samimiy va muloyim suhbat quradilar. Aynan mana shu xususiyati insonda, yana ustoz bilan suhbatlashish istagini uyg’otadi.
Bobojonov Farhod Qurbanbayevich filologiya fanlari nomzodi, dotsent, Qoraqalpogʼiston Respubliasida xizmat koʼrsatgan yoshlar murabbiysi. 1972 yil Ellikqalʼa tumanida tugʼilgan. 1995 yilda NDPI Filologiya fakulьtetini tamomlagan. Mutaxassisligi oʼzbek tili va adabiyoti oʼqituvchisi. 2002 yilda «Oʼzbek jadid dramalarining lisoniy xususiyatlari» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 40 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlari nashr qilingan. Jumladan, 3 oʼquv qoʼllanmasi eʼlon qilingan. 2003-2008 yillarda kafedra mudiri, 2008-2011 yillarda fakultet dekani, 2011-2015 yillarda oʼzbek filologiyasi kafedrasi mudiri, 2015-2016 yillarda oʼzbek tilshunosligi kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat olib bordi. Hozirgi kunda esa “Alisher Navoiy nomidagi o’zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi “Davlat tili asoslarini o’qitish malaka oshirish” markazi Qoroqolpog’iston Respublikasi hududiy bo’linmasining rahbari lavozimida faoliyat yuritmoqda.
Domla shaxsiy hayotda ham barchamizga ibrat bo’la olarlik oila boshlig’i. Ikki o’g’il ikki qizning otasi. Inobat opamiz bilan birga nafaqat farzandlarga balki, barcha yoshlarga tarbiya bo’la oladigan oilaviy munosabatlarni namoyon qilib kelmoqda.
Ustozimizga mashaqqatli, ammo sharafli kasblarida salomatlik, umrboqiylik va baxtli hayot nasib etsin. Shijoat va matonat hech qachon ularni tark etmasin. Hamisha shogirdlar ardog‘ida yurishni, bosib o‘tgan hayot yo‘llarining har bir lahzasi asrlarga tatigulik bo‘lishini tilayman.
“O’zbek tilshunosligi” kafedrasi
assistenti M.Allambergenova