ALISHER NAVOIY MEROSINI O‘RGANISH YUKSAK BURCHIMIZ

 Har bir xalq adabiyotini yuksak cho‘qqilarga ko‘taradigan daho ijodkorlari bo‘ladi. Ularning ijodiyoti qancha vaqt, zamon o‘tmasin, hech qachon eskirmaydi va millatni ruhlantiradigan g‘oyaviy-badiiy qimmatini aslo boy bermaydi. Alisher Navoiy xuddi shunday buyuk ijodkorlardan hisoblanadi.

Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyondasi, millatimizning g‘ururi, sha’n-u sharafini dunyoga tarannum qilgan o‘lmas so‘z san’atkoridir. Shuning uchun ham buyuk shoir ijodiyotini o‘rganish va o‘rgatish bevosita millat tarixi, madaniya­ti, badiiy zavqi, ruhoniyat va urf-odatlarini chuqurroq bilishga keng yo‘l ochadi. Shoir ilgari surgan g‘oyalar o‘zlikni anglash, shaxs axloqi va kamolotiga xizmat qilar ekan, uning asarlarini o‘qib-o‘rganish, o‘rgatish, targ‘ib-u tashviq qilish bugungi kunda ham muhim va zaruriy masala hisoblanadi.

O‘zbek filologiyasi fakultetining “Adabiyot va ijod” to‘garagiga a’zo talabalar ham ayni damda Navoiyxonlik kechalarini tashkillashtirib, telegram orqali mushoira, g‘azalxonlik, bahru-bayt kabi ko‘plab rejalar asosida ijodkor yoshlar o‘z hissamizni qo‘shib bormoqdamiz. Bu kabi tashkiliy ishlar biz ijodkorlarga ma’naviy zavq bag‘ishlayapti. Biz  uning quyoshdek porloq shaxsiyatini farzandlarimizga ibrat o‘laroq, asarlarini esa hikmat sifatida doimiy ravishda o‘rgatib borishimiz zarur. Alisher Navoiyning ma’naviy xazinasidan bahra olgan har qanday ko‘ngil esa ilm-u ma’rifatning qudratidan quvvat topib, butunlik tomon, yuksaklik, kamolot sari olg‘a intilishi, shubhasiz.

 

 

                                   Ma’murjon Abdujalilov

             Berdaq nomidagi QQDU

O‘zbek filologiyasi 2-kurs talabasi

Foydali havolalar