Biz Bobur Mirzoni ulkan davlat arbobi sifatidagina emas, qomusiy alloma, mumtoz shoir sifatida ham cheksiz qadrlaymiz. U o‘zbek xalqining buyuk farzandi, milliy g‘ururidir. Bobur Mirzo hayotining mazmuni, betakror faoliyatining asosiy ma’nosi-Vatanga muhabbat degan oliy qadriyatlardan biridir.
Uning bolaligi va yoshligi tariximizning o‘ta murakkab, shiddatli, og‘ir va tahlikali davrlariga to‘g‘ri keladi. Boburning dastlabki siyosiy maqsadi Amir Temur davlatining poytaxti Samarqandni egallash, bobokaloni saltanatini qayta tiklashdan iborat edi. Ammo omad kulib boqmadi. Bobur shaharni tark etishga qaror qiladi. Boshiga tushgan ko‘rguliklarni o‘zidan boshqaga ravo ko‘rmaydi. “Mening nomai a’molimga mashaqqatlar bitigi bitilgan, shunday ekan, bu achchiq qismat sharobini o’zim ichaman”, deydi u. Ozor va azob o‘zimniki, birovniki emas, o‘zim bilan kelib, o‘zim bilan ketadi. Boburning aqidasi shu:
Ko‘ngli tilagan murodiga yetsa kishi,
Yo barcha murodlarni tark etsa kishi.
Bu ikkisi muyassar o‘lmasa olamda,
Boshin olib bir sorig‘a ketsa kishi.
Darhaqiqat, Boburning o‘z yurti iqbolini ko‘rish, xalqining baxtiyorligiga sherik bo‘lish, umr boricha yurtga, xizmat qilishdek ulkan murodi bor edi. Afsus taqdir unga bu imkoniyatni bermadi. Yaxshilik qildi, lekin yaxshilik ko‘rmadi, oxiri Hind sori yuzlandi:
Tole’ yo’qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim xatolig‘ bo‘ldi.
O‘z yerni qo‘yib Hind sori yuzlandim,
Yo rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi.
Boburning ijodi bilan tanishar ekanmiz, uning qat’iyatli, jasur va haqiqat tarafdori bo‘lgan inson ekanligiga yana bir bor imon keltiramiz. Xuddi shu jihatlar uning nafaqat “Boburnoma”sida, balki devoniga mansub she’rlarida ham o‘z aksini topgan deyishimiz mumkin.
G‘urbatga ul oy hajri meni pir qilibtur,
Hijron bilan g‘urbat manga ta’sir qilibtur
Ya’ni, musofirlikning g‘aribligida o‘shal qamarsiymoning hajri shoirni qaritdi, u o’zini juda sabrli va irodali hisoblardi-yu, lekin hijron va g‘urbatdagi yillar unga ham ta’sir qilmay qolmadi.
Boburning ulkan san’atkorligi shundaki, shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga ko‘tara oladi va natijada asarlarida olg‘a surilgan g‘oyalar umuminsoniy qadriyatlar darajasiga ko‘tarildi. Uning ijodida, xususan, she’riyatida kindik qoni tomgan ona-yurtni dil-dilidan qo‘msash, uning tuprog‘iga talpinish, g‘ariblik azoblaridan o‘tli hasrat, yoru diyor sog‘inchi va visol ilinji, taqdir zarbalari, zamona nosozlliklaridan nola badiiy tahlil etiladi.
Umuman aytganda, Zahiriddin Muhammad Bobur mashaqqatli hayot yo‘li, ijodiy faoliyati hozirgi kun yoshlariga ibrat bo‘lmog‘i lozim. Chuqurroq o‘ylab qaraydigan bo‘lsak, bu vasiyatlardan aynan bizlar uchun-buyuk lashkarboshining, xassos shoirning, mutaffakkirning bugungi avlodlari uchun aytilgan.
Dilobar Mehmonova
Berdaq nomidagi QQDU
O‘zbek filologiyasi 2-kurs talabasi