QDU talabasi «Yangi Oʼzbekistonning isteʼdodli yoshlari» nomli ilmiy-innovatsion ishlanmalar respublika tanlovi sovrindori

2022 yil 10 may kuni Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligida yoshlarni ilm-fan sohasiga keng jalb etish, ular tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlash, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2019 yildan buyon anʼanaviy tarzda oʼtkazib kelinayotgan «Yangi Oʼzbekistonning isteʼdodli yoshlari» nomli ilmiy-innovatsion ishlanmalar respublika tanlovi gʼoliblarini taqdirlash marosimi boʼlib oʼtdi.


Unda 5 ta yoʼnalishda gʼoliblikni qoʼlga kiritgan 15 nafar boʼlajak olimlar vazir Аbduqodir Toshqulov hamda «Ulugʼbek» jamgʼarmasi raisi Oqil Salimov tomonidan munosib taqdirlandi. Soʼzga chiqqanlar bugun ilmiy faoliyat bilan shugʼullanayotgan iqtidorli yosh tadqiqotchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida soʼzlab, bu kabi tanlovlar ularning ilmiy faoliyatlarida olgʼa yurishlari uchun turtki boʼlishi, bugungi natijalar bilan toʼxtab qolmasliklarini qayd etdilar.
Maʼlumot oʼrnida taʼkidlash joizki, joriy yilgi tanlov 5 ta: texnika va texnologiya; axborot texnologiyalari; tibbiyot; qishloq va suv xoʼjaligi; arxitektura va qurilish yoʼnalishlarida oʼtkazildi.

Tanlovga 51 ta oliy taʼlim muassasalaridan jami 246 ta ishlanma taqdim etilgan boʼlib, shundan 108 tasi mustaqil tadqiqotchilar, 39 tasi doktorantlar, 71 tasi bakalavriat va 28 tasi magistratura talabalari tomonidan yaratilgan ishlanmalar. Tanlovga taqdim etilgan hujjatlar va materiallar Ekspertlar guruhi tomonidan koʼrib chiqilib, ishlanmaning ilmiy yangiligi; qoʼllanilish sohasining dolzarbligi; texnik-iqtisodiy tavsifi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarning mavjudligi; ishlanmani yaratish boʼyicha publikatsiyalar; ishlanmaning sinov-namunasi nusxasi yoki ishlab chiqarishga tayyorlangan chizmalari mavjudligi mezonlari asosida baholandi. Baholash yakuniga koʼra, yuqorida keltirilgan 5 ta yoʼnalishning har biri boʼyicha 1-, 2-, 3-oʼrinlar uchun 15 nafar gʼolib aniqlandi.
Tanlov gʼoliblariga pul mukofotlari va maxsus diplomlarni shaxsan vazir Аbduqodir Toshqulov hamda «Ulugʼbek» jamgʼarmasi raisi Oqil Salimov tomonidan topshirildi.
5 nafar 1-oʼrinni egallagan gʼoliblarning har biri 30 mln soʼmdan;
5 nafar 2-oʼrinni egallagan gʼoliblarning har biri 20 mln soʼmdan;
5 nafar 3-oʼrinni egallagan gʼoliblarning har biri 10 mln soʼmdan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Quvonarlisi shundaki, bu tanlovda Qoraqalpoq davlat universiteti Аrxitektura fakultetining 2-bosqich talabasi Piyshenbaev Qarjaoʼbay Baxitbay oʼgʼli ham oʼzining “Mahalliy xomashyolar va qishloq xoʼjaligi chiqindilari asosida energiya tejamkor keramik gʼisht olish texnologiyasini ishlab chiqish” nomli loyihasi bilan ishtirok etib, 3-oʼrinni egalladi hamda 10 mln soʼm pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Foydali havolalar