Dugonajonlar, men sizlarga qoraqalpogʻistonlik talantli yosh – doktorant, boʻlajak adabiyotshunos va odobli kelin Zamira Maqsetbay qizi Ayimbetova haqida hikoya qilib bermoqchiman. Chunki unga juda havasim keladi. Sababi u oʻziga katta bilim toʻplashga erishgan. Natijada, Prezident stipendiyasiga munosib deb topilgan. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Adabiyotshunoslik” (“Qoraqalpoq adabiyoti”) mutaxassisligi boʻyicha malakali kadr boʻlib yetishish uchun tinmay izlanmoqda. Bilimga chanqoq, ogʻir-bosiq, oqkoʻngil va oqila qiz Zamira oʻzi erishgan yutuqlari bilan barchamizga namuna boʻla oladi. Endi u haqida batafsil aytib bermoqchiman.
Tarjimoi holi
Qahramonimiz Zamira Maqsetbay qizi Nukus tumanida ziyoli oilada tugʻilib, Aziza opasidan keyingi ikkinchi farzand. U tumandagi 4-sonli maktabda 9-sinfni imtiyozli shahodatnoma asosida bitirib, QQDU qoshidagi 1-sonli akademik litseyning “Xorijiy tillar” yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga qabul qilingan va u yerda oʻqish davrida fanlar olimpiadasida “Qoraqalpoq tili va adabiyoti” fani boʻyicha ishtirok etib, Respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritib, mazkur dorilfununga muddatidan avval imtiyozli ravishda oʻqishga qabul qilingan. 2017-yilda mazkur dargohning bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan tugatib, magistratura boʻlimining “Adabiyotshunoslik” (“Qoraqalpoq adabiyoti”) mutaxassisligida grant asosida oʻqishini muvaffaqiyatli bitirgan. Undan keyin ham u maqsadlari yoʻlida toʻxtab qolmagan va doktoranturaga qabul kilingan. Yaqinda u haqida yana bir yaxshi xabar eshitdim, Zamira Ayimbetova yosh olimlar oʻrtasida “Ilhom” respublika tanlovi mukofotiga loyiq deb topilibdi!



Zamira maktabdagi, litseydagi, universitetdagi barcha ustozlaridan minnatdor. Zamonoviy bilim olishida qoʻllab-quvvatlagani uchun ota-onasidan ham. Chunki ularning beqiyos yordami tufayli ham koʻpgina yutuqlarga erishdi.
Agar mana shu ma’lumotlar bilan cheklanib qolsak, uning hayotidan nimalarni namuna qilamiz deb uylashingiz mumkin. Demak, u yozgan maqolalarga yuzlanaylik.
Maqolalari
Zamira «I.Yusupovning liro-epik poemalari: mavzui-gʻoyaviy, janr-uslubiy xususiyatlari. Qahramon obrazi» mavzusi ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Oʻzining ilk maqolalari bilan Nukus shahrida tanilgan boʻlsa, keyinchalik geografiyasi kengaya boshladi, xorijda boʻlayotgan anjumanlarda ilmiy maqolalari bilan ishtirok etib, oʻz iqtidorini sinab koʻra boshladi. Ayniqsa, «I.Yusupov poeziyasida bir qovush tuproq gʻoyasi»,«The image of birds in the lyric poetry of I.Yusupov», «The theme of motherland in the I.Yusupov’s lyric», « I.Yusupovning “Poseydonnıń ǵázebi” poemasida ekologiya muommasining yoritilishi», «I.Yusupov poeziyasida Vatan mavzusi», «I.Yusupov va folklor» deb nomlangan ilmiy ishlarida I.Yusupov poeziyasidagi obrazlar, uning ijodining gʻoya va janrlik jihatlari, janrlar yuzasidan paydo boʻlgan ayrim muammolarni atroflicha oʻrganib chiqgan va qator takliflar, tavsiyalar ham bergan. Bundan tashqari u «The influence of Shakespeare’s sonnets on the sonnets of I.Yusupov» nomli maqolasi bilan 2018-yil Berlinda oʻtkazilgan «Science and practice: a new level of integration in modern world» konferensiyasida ishtirok etib, Shekspir sonnetlarining I.Yusupov sonnetlariga tasirini, oʻxshashlik tamonlarini va gʻoyaviy bogʻliqligini, sintezini ochib berishga harakat qilgan.
Uning «The image of I.Karimov in the poetry of I.Yusupov» nomli maqolasi 2017-yil Rossiyada «Foreign languages: theory and practice. Scientific and applied journal» jurnalida chop etildi. Maqolada Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning hayoti va ijodi, mehnat faoliyati, uning Oʻzbekiston xalqlariga qilgan fidokorligi, dunyo xalqlariga qilgan jon koʻyarligi, Qoraqalpoq xalqiga qilgan ogʻalik gʻamxorligi, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni I.Yusupov ijodi talqinida mohirona ochib berilgan. Maqolani yozishda Zamira koʻp adabiyotlardan foydalangan. Eng muhimi maqolada I.A.Karimovning obrazi juda yaxshi ochib berilgan. Chuning uchun ham boʻlsa kerak, bu maqola 2018-yil xalqaro miqyosda oʻtkazilgan Birinchi Prezidentimiz «I.A.Karimov hotirasiga bagʻishlangan eng yaxshi ilmiy-ommabop maqola» koʻrik tanlovida 900 ga yaqin maqola ichida faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritib, III darajali diplom va eng kam ish haqining 50 barobari miqdorida pul mukofati bilan taqdirlandi.
2018-yil Respublika miqyosida oʻtkazilgan “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?!” nomli maqolalar tanlovida faol ishtirok etib, III darajali diplom bilan taqdirlandi.
Xullas, u hozirgacha 20 ta maqola yozgan boʻlsa, shulardan 8 tasi horijiy jurnallarda chop etilgan. Chet tillarini yaxshi bilgani uchun tarjimada ham iqtidorini sinab koʻrish niyatida, viloyatlik tengdoshlarining ijod namunalarini oʻzbek tilidan qoraqalpoq va ingliz tillariga tarjima qilmoqda.
Adabiyotshunos olim P.Nurjanov shogirdi haqida
– “I.Yusupov ijodi qoraqalpoq va oʻzbek adabiyotida har tomonlama ishlanayotgan bulsa ham, uning lirik-epik poemalari hali beri maxsus ishlanganicha yoʻq. Shu boisdan ham uning tadqiqot ishi adabiyotshunoslikda muhim ahamiyat kasb etadi. Tadkiqot ishining asosiy maqsadi I.Yusupovning lirik-epik poemalarining gʻoyaviy-mavzuviy, janrlik va stillik oʻziga hosliklarin, qahramon obrazini yoritish xususiyatlarini mustaqillik gʻoyasiga tayangan holda aniqlash hisoblanadi.
Zamira oʻz zamoniga mos ravishda uchta chet tilini (rus, inglis, koreys) oʻzlashtirgan, axborot-kommunikatsiya tizimidan muntazam foydalana oladi va yeng muhimi, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishda iqtidorga ega talaba. Shuning uchun uning kelajagidan umidlarim koʻp”, – degan edi filologiya fanlari doktori Perdebay Nurjanov biz bilan boʻlgan suhbatida.
Xulosa
Ota-ona oʻgʻil farzand koʻrishni orzoʻ qilib Zamiradan keyingi qizlariga Damexan, Umida, Ulzada deb ism bergan ekan.
Maqsetbay ogʻa, Gavhar ona!
Oʻgʻil farzandlik boʻlolmadik, deb hecham oʻylamang, mana Zamira va boshqa qizlaringiz ham oʻgʻil, ham qiz farzand vazifasini ado eta oladi. Kelgusida ular bilan faxrlanib yurasizlar. Eng muhimi, qizlaringiz sizlarni hech qachon yolgʻizlatib qoʻymaydi. Qarigan chogʻlaringizda sizlar uchun barcha yaxshiliklarni qilishiga ishonamiz. Chunki, badiiy adabiyotni sevgan har bir inson avvalo oʻz ota-onasi va yaqinlari qadrini juda yaxshi tushunadi va bomehr insonlar boʻlib ulgʻayadi. Mana koʻrasiz hali.
Durdona Perdebayeva,
OʻzDJTU 3-bosqich talabasi