Har bir sohaning rivojlanishi va taraqqiy etishida ma’lum bir vaqt talab etiladi. O‘zbek tiliga O‘zbekiston Respublikasi davlat tili maqomi berilganiga ham 30 yildan oshdi. 1989-yil 21-oktabr «Davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi.
Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lgan ona tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham Davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi.
Bu vaqt oralig‘ida ona tili mavqeyining yanada mustahkamlanib, rivojlanishi uchun qator Qonun va qarorlar qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo‘linmasi hisoblangan Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi.
Bundan ko‘zlangan maqsad Davlat tilini rivojlantirish, davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlash, o‘zbek tilining yozma matni me’yor va qoidalarini ishlab chiqishdan iborat. Ushbu farmonga muvofiq o‘zbek tilida muloqat va yozma nutqni rivojlantirish borasida Qoraqalpoq davlat universitetida bir qator tadbir va tanlovlar o‘tkazilib kelinmoqda. Jumladan, 19-oktabr kuni Yuriduka fakulteti 1-bosqich talabalari orasida “Davlat tili va men egallayotgan soha” mavzusida esselar tanlovi o‘tkazildi.
O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi assistenti
Yu.Nurjanova


