Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev oʻz faoliyati boshidan jamiyatimizda korrupsiyani yoʻqotish boʻyicha huquqiy asoslarni yaratishga katta eʼtibor qaratdi.
Shavkat Mirziyoyevning 2016 yilgi saylovoldi dasturida korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarini samarali yechish ustuvor vazifalardan biri boʻlib qolishi taʼkidlangan.
Shuningdek, Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan kiritilgan «Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi qonun 2016 yili 24 noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, bu qonun 2016 yil 13 dekabrda Senat tomonidan maʼqullandi.
2017 yili 3 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti «Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida»gi qonunni imzoladi.
Ushbu qonunga koʻra, Korrupsiyaga quyidagicha taʼrif berildi, yaʼni korrupsiya — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish boʻlib hisoblanadi.
Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, ularga chek qoʻyish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini taʼminlash ekanligi belgilandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti etib belgilandi.
Keyinchalik, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli farmoni bilan 2017 — 2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasi tasdiqlandi.
Ushbu harakatlar strategiyasining ikkinchi yoʻnalishi, yaʼni qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarning biri sifatida korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini oshirish belgilandi.
2017 yil 2 fevralda Prezidentning “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilinib, unda:
– 2017-2018 yillarga moʻljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat Dasturi,
– korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiya tarkibi va
– korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo komissiya Nizomi tasdiqlandi.
(Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi PF-6257-sonli «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.)
Keyinchalik, 2019 yil 27 may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5729-sonli Farmoni qabul qilindi.
1) Mazkur Farmonning 1-ilovasiga koʻra, “2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish» davlat dasturi tasdiqlanib, dasturda 4 ta yoʻnalishda 35 banddan iborat vazifalar belgilab berilgan boʻlib, ular quyidagilardir:
- Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
- Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
III. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, ularga chek qoʻyish, imkoniyat yaratuvchi sabablar, shart-sharoitlar va oqibatlarini bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini taʼminlash;
- Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha xalqaro hamkorlik.
Bundan tashqari, mazkur Farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari rahbarlik qiluvchi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha maxsus komissiya tuzildi.
2020 yili 29 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
- Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilib, ushbu agentlikning vakolatlari, huquq va majburiyatlari, vazifalari belgilab berildi.
- Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralararo komissiyalari Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlari etib qayta tashkil etilib, agentlik Milliy kengashning ishchi organi etib belgilandi. (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Milliy kengash raisi hisoblanadi.)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-sonli «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoni qabul qilingan.
Ushbu farmon bilan
1) Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati
2) Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik darajasini yanada oshirish boʻyicha «YOʻL XARITASI» tasdiqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi PF-6257-sonli «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bundi jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni qabul qilingan.
Ushbu farmon bilan korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022 yillarga moʻljallangan davlat dasturi tasdiqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasining 2021 yili 18-noyabr kungi OʻRQ-729-sonli «Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonuni qabul qilingan.
Bu qonundan oʻrin asosiy oʻzgartirish va qoʻshimchalar quyidagilardan iborat:
– Jinoyat-ijroiya kodeksi, «Jinoyat ishini yuritish chogʻida qamoqda saqlash toʻgʻrisida»gi va «Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida»gi qonunlarda korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlarining oʻz vakolatlari doirasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabablari va shart-sharoitlarini oʻrganish hamda tahlil qilish maqsadida jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirishga, zarur hujjatlar bilan tanishishga haqli ekanligi belgilab qoʻyildi.
– «Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida»gi, «Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida»gi hamda «Parlament nazorati toʻgʻrisida»gi qonunlarga Qonunchilik palatasi va Senatning Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan tayyorlanadigan Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish haqidagi milliy maʼruzasini koʻrib chiqish tartibi belgilandi.
Unga koʻra:
Qonunchilik palatasi va Senat Milliy maʼruzani dastlabki tarzda koʻrib chiqadi hamda fikrlar va takliflarni ishlab chiqadi, fikrlar va takliflar Qonunchilik palatasining, Senatning majlislarida majburiy ravishda hamda har tomonlama muhokama qilinadi, milliy maʼruzani koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha qabul qilingan Parlament palatalarining qarorlari Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuboriladi.
– Oʻzbekiston Respublikasining 2008 yil 7 iyulda qabul qilingan «Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktabr) Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi toʻgʻrisida»gi qonuniga korrupsiyaning oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishda boshqa davlatlarga yordam koʻrsatuvchi organlar qatoriga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham kiritildi.
– Oʻzbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvarda qabul qilingan «Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi, jumladan:
-Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari qatoriga kiritilmoqda va uning vakilliklari nazarda tutilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish millyi kengashi etib qayta tashkil etilishiga bogʻliq normalar kiritildi.
– «Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida»gi qonunda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi idoralar qatoriga kiritildi va uning shu sohadagi vakilliklari belgilandi.
– korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslarni va ularning yaqin qarindoshlarini himoya qilish yuzasidan normalar kiritildi.
Oʻzbeksiton Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yili 6 noyabr kuni lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqida kelasi besh yilda asosiy vazifalarni belgilash, «Harakatlar dasturidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» degan asosiy gʻoyani amalga oshirishda korrupsiya masalasiga toʻxtalar ekan, soʻnggi besh yilda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga olib chiqilganligini taʼkidlab, Prezident «Bundan buyon ham taraqqiyot kushandasi boʻlgan ushbu illatga barham berishga davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalarini safarbar etamiz. Bu borada aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv choralarni koʻrish zarur. Shu asosda korrupsiyaning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish boʻyicha taʼsirchan choralar amalga oshiriladi.” deya taʼkidladi.
Prezidentning ushbu fikrlari, yaʼni korrupsiyaning oldini olishda aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv chora-tadbirlarni koʻrish, yaʼni korrupsiyaning sabablarini barvaqt barataraf etish boʻyicha taʼsirli choralarni amalga oshirish kelasi besh yilda amalgaa oshiriladgan davlat siyosatining yoʻnalishlarini belgilab berdi deb hisoblayman.
Aynan ushbu fikrlarning mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-81-sonli qarori qabul qilinib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarning samaradorligini tahlil qilish, baholash va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash quyidagi beshta yoʻnalish boʻyicha belgilangan indikatorlar asosida amalga oshirilishi belgilandi:
davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mexanizm va huquqiy asoslarning yaratilganligi hamda amaliyotga tatbiq etilganligi;
korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilganligi;
davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni koʻrsatuvchi xatti-harakatlarining mavjudligi;
xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilganligi;
korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarining samaradorligi.
Reyting baholash tizimining barcha sohalarga tatbiq etilishi jamiyatimizda korrupsiyaviy holatlarni boʻldirmaslikka, soha rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi deb hisoblaymiz.
Nukus tumanlar aro maʼmuriy sudi sudyasi A.Saliyev