Bayroq – hurlik timsoli, ezgulik , tinchlik ramzi

          Oʻzbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan oʻz davlat ramzlari — bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega. Boisi, davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Lekin dunyoda bironta ramz yoki timsol davlatni, millatni jahonga Davlat bayrogʻidek tanita olmaydi.

Bugun O‘zbek filologiyasi fakultetida davlatimiz bayrogʻining qabul qilinganligiga 31 yil toʻlishi munosabati bilan “Bayroq – hurlik timsoli, ezgulik , tinchlik ramzi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Suhbatda O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani M.Kurbaniyazov, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini G‘.Urazbayev, Yuridika fakulteti talabalari J.Abdullayev, X.Haydarovalar, Davlat huquq asoslari fani bo‘yicha mutaxassis fakultet tyutori D.Buranov va talaba yoshlar qatnashdilar.

Milliy davlatchiligimiz tarixining barcha davrlarida davlat ramzlari, xususan, bayroq Vatan timsoli sifatida muqaddas sanalgan. Buyuk bobomiz Amir Temur ham davlat ramzlariga jiddiy eʼtibor qaratganini jang maydonida bir lashkar omon qolsa ham, Vatani bayrogʻini baland tutishiga farmon berganidan bilsa boʻladi.

Vatan bayrogʻi deganda, koʻz oldimizda butun bir mamlakatning timsoli, jahonning siyosiy-ijtimoiy xaritasidagi qiyofasi gavdalanadi. “Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 2-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi Oʻzbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir”, deb belgilab qoʻyilgan.

Bayroq – bizni ulugʻ maqsadlar tomon boshlovchi buyuk mashʼaladir. U oʻzida butun Oʻzbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstlikni mujassam etgan. Qadim-qadimdan har bir xalq uchun mustaqillik, hurlik, tinchlik va barqarorlik timsoli boʻlib kelgan. Bugungi kunda ham dunyo mamlakatlaridagi koʻplab elchixonalarimiz binolari, qator xalqaro tashkilotlar qarorgohlarida bayrogʻimiz Oʻzbekiston ramzi boʻlib turibdi.

Magʻrur hilpirayotgan bayrogʻimiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-obodlik, millatlararo totuvlik, qut-baraka, biz erishayotgan bemisl yutuqlar va kelajakka boʻlgan mustahkam ishonch ramzi sifatida qalbimizga tuganmas iftixor bagʻishlaydi. Farzandlarda bayroqqa — Vatanga mehr-muhabbat tuygʻulari shakllanadi. Eng muhimi, bola ota-ona bilan bayroqqa birdek mehr qoʻyib voyaga yetadi, ota-onasiga qanday sadoqatli boʻlsa, bayroqqa, Vatanga ham shunday sadoqatli boʻladi.

 

O‘zbek filologiyasi fakulteti yoshlar bilan

 ishlash bo‘yicha dekan muovini G‘.Urazbayev

   

Foydali havolalar