Bugun O‘zbek filologiyasi fakulteti professor-o‘qituvchilari va talaba yoshlari davlatimiz madhiyasi sadolari ostida yangi kunni kutib oldi. Madhiyamizning har bir chuqur ma’noga ega satri, mardonavor va sohir ohangi bizni sehrlab qo‘yadi, qalbimizda Vatanimizdan faxrlanish, shukronalik va ishonch hissini jo‘sh urdiradi.
Davlat ramzlari mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligini ifodalovchi, xalqimizning shon-u shavkati, g‘ururi, or-nomusi, tarixiy xotirasi va orzu-umidlarini o‘zida mujassam etuvchi muqaddas timsollardir. Shu bois mustaqillikning ilk kunlaridan xalqimizning ozodlik, hurlik singari eng buyuk orzu-intilishlarini, ma’naviy qadriyatlarini ifodalovchi, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, yurtga sadoqat, bunyodkorlik va yaratuvchanlikka undovchi Bosh qo‘shiqni qabul qilishga asosiy e’tibor qaratildi.
1992-yil 10-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun imzolandi. Mazkur qonunda belgilanganidek, madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi, unga zo‘r ehtirom bilan qarash har bir fuqaroning vatanparvarlik burchidir. 2010-yil 24-dekabrda mazkur qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, fuqarolarimiz, shuningdek, mamlakatimizda bo‘lib turgan boshqa shaxslar madhiyamizni hurmat qilishlari shart ekanligi belgilab qo‘yildi.
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov she’ri, O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov musiqasi asosida yaratilgan madhiyamizda musaffo osmonimiz, baxtli va farovon hayotimiz, xalqimizning asriy orzulari, kelajakka yorug‘ umidi va mustahkam ishonchi teran ifodalangan.
Davlatimiz madhiyasi qudratli kuchga ega. Ona Vatanini sevgan, o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtga o‘zini daxldor deb bilgan har bir kishi uning qudratiyu zalvorini his qilishi shubhasiz.
