SPORT – SOGʻLOM HAYOT GAROVI

Jahonning ilm-fan, madaniyat va sport shohsupalarida bayrogʻimizni baland koʻtarayotgan oʻgʻil-qizlarimiz, shijoatli yoshlarimiz bizning faxrimiz-gʻururimizdir. Sh.Mirziyoyevning 2022-yil 20-dekabr kungi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan

Keyingi yillarda Prezidentimiz ma’ruzalari qanday mavzuga qaratilmasin, bu ma’ruzalarda bugungi yoshlar tarbiyasi masalasi, ayniqsa, ularni ommaviy sportga tortish, bu orqali yoshlar orasida sogʻlom turmush tarzi faoliyatini tizimli yoʻlga qoʻyish masalasi keng oʻrin oladigan va davlat siyosatining bosh masalasi sifatida ham eng koʻp muhokama qilinayotgan mavzularga aylandi.
Joriy yilda nafaqat oliy ta’limda, balki, ta’limning barcha boʻgʻinlarida yoshlar tarbiyasi masalasi tez orada tasdiqlanadigan mamlakatimizda «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili» Davlat dasturida belgilangan jarayonlar bilan uygʻun boʻlishi talab etadi. Mana shunday yangi tarixiy vaziyatda ezgu maqsadlar bilan «Yangi Oʻzbekistonni, Yangi Qoraqalpogʻistonni bunyod etishimiz uchun, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishimiz uchun bizdan avvalo, sogʻlom tan va sogʻlom aql talab etilishi, shubhasizdir.
Ana shuning uchun ham Prezident Sh.Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida: “Har bir mahalla oʻzining kutubxonasi, sport maydonchasiga ega boʻlishi zarur” deya, alohida ta’kidladilar. Darhaqiqat, har bir inson mahallada bosh tarbiyani olishi, yoshligidan sogʻlom turmush qoidalarini oʻzida odat tusiga aylantirishi – mamlakatimizning barkamol avlod gʻoyasining amaliy ifodasi sifatida e’tirof etishimiz mumkin.
Mustaqillik yillarida yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hamda mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Lekin, jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi sogʻligʻini mustahkamlashga koʻmaklashadigan aniq dasturlar toʻlaqonli ishlab chiqilmaganligi, yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport turlari boʻyicha yuqori natijalarni ta’minlaydigan mahoratli sportchilar bilan milliy terma jamoalarni shakllantirish va trenerlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish masalalarida kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan Prezidentimizning bir qator Qaror va Farmonlari bugungi kunda sportni keng rivojlantirishga va xalqimiz orasida umummilliy harakat sifatida qadriyatga aylantirish yoʻnalishida muhim qadamlar boʻldi.
Mamlakatimizda ayni sohada olib borilayotgan islohotlar samarasi shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi sport maktablari oʻquvchi-sportchilari oʻrtasida “Bolalar sport oʻyinlari”ni oʻtkazish orqali iqtidorli sportchilarni aniqlash va yoshlar terma jamoalariga zaxira yaratish hamda oliy ta’lim muassasalari talabalari oʻrtasida “Talabalar sport oʻyinlari”ni tashkil etish natijasida talabalarni sport bilan muntazam shugʻullanishga erishish tizimining mexanizmi yaratib berildi.
Shu boisdan ham, Muhtaram Prezidentimiz xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasida: “Bu yil 381 nafar sportchimiz jahon va Osiyo musobaqalarida, 43 nafar iqtidorli va bilimdon yoshlarimiz nufuzli xalqaro fan olimpiadalari hamda tanlovlarida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgani barchamizni albatta quvontiradi” deya, alohida ta’kidlashlari, birinchidan, bu e’tirof oldingi yillardagi natijalardan yuqori ekanligini koʻrsatsa, ikkinchidan, bevosita mamlakatimizning yoshlar orasida sportni rivojlantirishga qaratilgan chuqur islohotlarining natijasi ekanligidan dalolatdir.
Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Beshta muhim tashabbus” doirasida tashkil qilinayotgan tadbirlar yoshlarni tom ma’noda bitta nuqtaga birlashtira olgan va mazmunan ham har tomonlama yetuklikka chorlaydigan mexanizm boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Xulosa oʻrnida alohida ta’kidlaymanki, biz sportchi magistrant yoshlar nafaqat tahsil olayotgan universitetimizda, balki universitetimizga biriktirilgan maktab va litseylarda, hatto oʻzim tugʻilib oʻsgan Toʻrtkoʻl tumanining chekka-chekka qishloqlaridayam yoshlarimizni sogʻlom turmush tarziga tortish orqali milliy qadriyatlarimizga asoslangan sport turlarini targʻib qilib, yoshlarimizni har tomonlama sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishlariga munosib hissamizni qoʻshamiz!

Dildora Qurbonova

Berdaq nomidagi QQDU – Jismoniy tarbiya va sport ixtisosligining 1-bosqich magistranti, Alisher Navoiy nomidagi Davlat stipendiyasi sohibasi.

Foydali havolalar