QDUda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlab ilmiy-amaliy anjuman  bo‘lib o‘tdi

Bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida buyuk davlat va jamoat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlab ilmiy-amaliy anjuman  bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda universitet yoshlar masalasi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi  prorektor S.Alauatdinov, O‘zbek filologiyasi fakultet dekani f.f.d (PhD) M.Kurbaniyazov, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi A.Otemuratov, “Arxeologiya” kafedrasi o‘qituvchisi M.Tolibayev, “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi dotsenti, f.f.n. G.Avezovalar so‘zga chiqib, Boburning o‘zbek adabiy tili ravnaqida qo‘shgan hissasi, Temuriylar tarixida tutgan o‘rni masalalari yuzasidan to‘xtalib o‘tishdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy va adabiy merosni o‘rganishga davlatimiz rahbari tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Talaba-yoshlarni insonparvarlik ruhida tarbiyalash va milliy qadriyatlarimizni anglashga buyuk ajdodlarimiz tajribasining ahamiyati juda muhimdir. Shunday buyuk siymolardan biri Zahiriddin Muhammad Boburdir. «Bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan har qancha faxrlansak arziydi. 

Xalqimiz dovrug‘ini dunyoga taratgan ulug‘ ajdodlarimizdan biri o‘laroq, ul zot bizni tariximizni qadrlashga kelajakka buyuk ishonch bilan qarashga o‘rgatadi,» degan edi Prezidentimiz.

Bobur bizga nafaqat katta ilmiy-ijodiy meros qoldirgan, balki o‘zining hayot yo‘li bilan ham qalbimizda Vatanga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otishga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Vatandoshimiz 12 yoshidan taxt va saltanat ishlari bilan band bo‘lishiga qaramasdan, mumtoz shoir, nazariyotchi adabiyotshunos, tilshunos, san’atshunos, etnograf, geogarf, tarixchi, havonot va nabotot olamining bilimdoni sifatida ko‘p qirrali faoliyat olib bordi. Birgina «Boburnoma» asari uning yigirmadan ortiq sohalarga qiziqqanligiga yaqqol misol bo‘la oladi.

Tadbirning badiiy qismida fakulteti talabalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. «Bobur Mirzoning hayot yo‘li», «Xumoyonning kasallanib qolishi» kabi sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

   

Foydali havolalar