Yuridika fakultetida “Inson huquqlari-oliy qadriyat” mavzusida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi

Joriy yilning 24-fevral kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Yuridika fakultetida “Inson huquqlari-oliy qadriyat” mavzusida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi sudyasi N.Abdakimov, Jinoyat ishlari boʻyicha Nukus shahar sudi raisi Sh.Shamambetov, QR maʼmuriy sudi sudyasi A.Saliyev, Nukus shahar prokurori katta yordamchisi A.Asenbayeva, “Yoshlar daftari”ni muvofiqlashtirish va yoshlarni kasb-hunarga yoʻnaltirish boʻyicha bosh mutaxassisi D.Kudiyarov va Yuridika fakulteti talaba yoshlari ishtirok etdi. Uchrashuvning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oʻzbekistonda inson huquqlari sohasidagi milliy taʼlim dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-46 son qarorining 12-bandiga muvofiq yurtimizda joriy yilning 20-28-fevral kunlari «Inson xuquqlari” haftaligi oʻtkazilishi belgilangan.

Targʻibot haftaligini munosib oʻtkazish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudlari sudyalari tomonidan Yoshlar ishlari agentligi, prokuratura, adliya va boshqa hamkor tashkilotlar bilan mahallalarda “Inson huquqlari-oliy qadriyat” mavzusida “Sudya va yoshlar” uchrashuvlari, shuningdek, barcha taʼlim tashkilotlarida “Yangi Oʻzbekiston va inson huquqlari” mavzusida “Axborot soati” va “Maʼnaviyat soatlari” oʻtkazilmoqda.

Maʼlumki, Oʻzbekistonda inson huquqlarini ragʻbatlantirish, himoya qilish va ularga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni taʼminlash borasida maqsadli choralar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, inson huquqlari sohasida taʼlimni takomillashtirish yuzasidan muhim qadamlar qoʻyilmoqda.

2020-2024-yillarda inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Ushbu bosqich yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash hamda inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi taʼlim berishga qaratilgandir.

Shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-fevral kunidagi PQ–46-son qarori asosida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi hamda uni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Mazkur Milliy taʼlim dasturining asosiy maqsadi — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi Deklaratsiyasi qoidalari va inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirish, shuningdek, aholi barcha qatlamlarining inson huquqlari va erkinliklari toʻgʻrisidagi milliy va xalqaro standartlar toʻgʻrisida xabardorligini, ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishdan iboratdir. Milliy taʼlim dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish orqali quyidagi natijalarga erishish kutilmoqda:

aholining, ayniqsa yoshlarning inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jumladan bu borada axborot tarqatish, taʼlim berish faoliyati yanada takomillashtiriladi, jamiyatda inson huquqlari madaniyati yanada yuksaladi;

inson huquqlari sohasidagi taʼlimning asosiy tamoyillari va uslublarini oʻzlashtirish hamda toʻliq tushunishga koʻmaklashiladi; 

aholining turli guruhlari tomonidan inson huquqlari va erkinliklari, gender tenglik mazmun-mohiyatini tushunishga erishiladi;

davlat organlari xodimlari tomonidan inson huquqlarini amalda qoʻllash bilim va koʻnikmalarining shakllanishiga erishiladi;

inson huquqlari sohasida ilmiy-tadqiqot va oʻquv jarayonini takomillashtirish, taʼlim sifatini oshirishga erishiladi;

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi Deklaratsiyasi qoidalari qoʻllanilishi va Inson huquqlari boʻyicha Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichi amalga oshirilishiga koʻmaklashiladi;

inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar bilan hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish orqali mamlakatning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro reytinglar va indekslar boʻyicha koʻrsatkichlari yaxshilanadi.

Shuningdek, uchrashuv davomida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi yaratilganligini, faqat jazolash bilan qoʻrqitib, huquqbuzarliklarning oqibati bilan kurashish emas, balki noqonuniy harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish eng dolzarb vazifaga aylanganligini aytib oʻtib, kelajakda poraxoʻrlik jinoyatini boʻldirmaslik maqsadida halol xam vijdonli, xolis va odil, faqat Qonunga soʻzsiz boʻysungan holda vazifalarini amalga oshirishlari, xar qanday nojoʻya harakatlardan oʻzlarini tiyishlari shartligini aytib oʻtdi. Uchrashuvda yoshlar oʻzlari qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.

 

Foydali havolalar