IKKI ELNING OLIMI
Men hayotimda juda koʻp insonlar bilan ustoz-shogird, ogʻa-ini, hammaslak va hamfikr boʻldim. Bugun ana shunday insonlardan, aniqrogʻi ogʻam Perdebay Nurjanov haqida oʻylasam, samimiy doʻst, mehribon maslakdosh, ustoz koʻz oʻngimga keladi. Eslayman 2003 yilar edi… Egnida oq koʻylak, kulrang shim va qora charm papkada fakultetga tez-tez qadam tashlab kelayotgan bir akaxonni har kuni koʻrardim. Salom-alik qilardik. Lekin u payti talaba boʻlsak-da, biror marta suhbatlasha olmaganmiz.Tortinchoqlik bor edi-da. Oradan yillar oʻtdi… Filologiya fanlari doktori, professor Perdebay Nurjanov bilan ogʻa-ini boʻldik.
Bugun ogʻamiz 60 yoshga toʻlmoqda. Oltmish yosh ham gʻayratli va shijoatli yosh! Bu yoshgacha qancha-qancha zahmatlar, ilm yoʻllaridagi mashaqqatlar, bir yonda oila, bir yonda ish hammasini birdek olib borish uchun olimga katta matonat kerak.
“Sharq yulduzi”, “Jahon adabiyoti”, “Amudaryo”, “Yerkin Qaraqalpaqstan”, “Tafakkur”, “Yoshlik”, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” kabi jurnal va gazetalarda maqolalari, taqrizlari chop qilingan.
Qoraqalpoq davlat universitetining fidoyi professori, taniqli olim Perdebay Nurjanov 1963 yil 25 mart kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasining Chimboy tumanida tugʻilgan. 200 ga yaqin ilmiy maqolalari, oʻquv qoʻllanma va monografiyalar muallifidir. Ogʻamiz hali ikki elning orasida mustahkam koʻprik boʻlib, adabiyotshunoslik jabhasida koʻplab ishlar qilishiga shak-shubha yoʻq!
Tinib-tinchimas, gʻayratli ogʻamizga uzoq umr, baxt-saodat hamda turmush oʻrtogʻi bilan farzandlari rohatini koʻrib yurishini tilaymiz. 60 yillik yubileyingiz muborak boʻlsin!
Hurmat va ehtirom ila!
Niholni qadashdi, oʻsdi ulgʻaydi,
Sonsiz shoxlariga qoʻndi bulbullar.
Har tong Yaratganga tasbeh aytar u,
Kelajakka tutib bir dasta gullar.
Inson umri ham azim daraxtdir,
Haybati, hasrati bir ruh ila tan.
Agar ustoz boʻlsa, yoʻli sharafdir,
Uni qanotida asragay Vatan!
Xursandbek Toʻliboyev,
25 mart, 2023 yil
Qarshi shahri
