Amaliy ahamiyatga ega ilmiy tadqiqot ishlari Moskva davlat universiteti olimlari bilan hamkorlikda olib borilmoqda

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Geografiya va tabiiy resurslar, Biologiya fakultetleri professor-o‘qituvchilari, yosh olimlari va tayanch doktorantlari tomonidan 2023-yilning aprel oyidan e’tiboran Nukus shahri atrofi, Nukus tumani hududida qumlar ko‘chishining olidini olish, shuningdek, Geografiya va tabiiy resurslar fakulteti qoshidagi kichik tajriba-sinov maydonchalarida 2021-yilda o‘tkazilgan Rossiya-O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumidagi uchrashuv asosida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti hamda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti o‘rtasida 2022-yilda tuzilgan o‘zaro hamkorlik shartnomasiga muvofiq M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining boshqa etakchi oliy ta’lim muassasalari olimlari bilan birgalikda dala ilmiy-amaliy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

Ushbu ilmiy-amaliy tadqiqot ishlari davomida Rossiyaning M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti olimlari tomonidan tavsiya etilgan, qumlarning ko‘chishini bartaraf qilish bo‘yicha suspenziyalarni Qizilqum cho‘llarida, Aquapastus-11 (Ⱥ-11) va Aquapastus-22 (Ⱥ-22) gidrogeli shaklidagi innovatsion ishlanmalarni kichik ekin maydonlaridagi kartoshka ekishda qo‘llanilib, sinovdan o‘tkazilmoqda.

Mazkur innovatsion suspenziyalar va gidrogelni qo‘llashdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘sha hududlardagi qumlarning ko‘chishini hamda tuproq namligi va havo o‘tkazuvchanligini saqlab turish jarayonini ilmiy jihatdan tahlil qilish hisoblanadi.

Shu bilan bir qatorda, ushbu tadqiqot ishlarida tuproqdagi suv va havo rejimi, tuproq harorati, tuproqning namligi, morfometrik nazorat ishlari kompleks ravishda ilmiy jihatdan kuzatilib va muhokama etib boriladi.

Jumladan, 2023-yilning 10-aprel kuni Nukus tumanidagi “Shortan tongi” fermer xo‘jaligining maxsus er maydonchasida ushbu gidrogelni sinovdan o‘tkazishga qaratilgan tadqiqot ishlari olib borilib, unda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti professori, biologiya fanlari nomzodi A.V.Smagin va mazkur universitet doktoranti T.G.Kalnin, “UZGIP” ilmiy tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i S.Xamzina, Samarqand davlat universiteti dotsenti, biologiya fanlari nomzodi T.Muqimov, Qoraqalpoq davlat universiteti “Geodeziya, kartografiya va tabiiy resurslar” kafedrasi mudiri, geografiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent YA.G.Xudaybergenov, ushbu kafedra professori v.b., geografiya fanlari doktori P.R.Reymov, “Tabiiy geografiya va gidrometeorologiya” kafedrasi professori v.b., geografiya fanlari nomzodi O.G.Sultashova, “Ekologiya va tuproqshunoslik” kafedrasi dotsenti, biologiya fanlari nomzodi N.Mamutov, mazkur kafedraning 06.01.03 – agrotuproqshunoslik va agrofizika mutaxassisligi bo‘yicha 1-bosqich tayanch doktoranti A.Keunimjaevalar faol qatnashdilar.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza etish, tuproq unumdorligini oshirish, geografik va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida amaliy ahamiyati katta bo‘lgan bu kabi tadqiqot ishlari respublikamiz hamda xorijlik olimlar bilan hamkorlikda bugungi kunda ham davom ettirilmoqda.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Foydali havolalar