IBROYIM YUSUPOV ASARLARI – TARBIYA VA IBRAT MAKTABI

O‘zbek filologiyasi fakulteti tyutorlari tomonidan talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, talabalar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirish maqsadida ochiq osmon ostida “Ibroyim Yusupov asarlari – tarbiya va ibrat maktabi”  mavzusida she’rxonlik kechasi tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori Ibroyim Yusupov she’rlari bo‘yicha bahri baytlar bo‘lib o‘tdi.

Ibroyim Yusupov bolaligidanoq qoraqalpoq xalq og‘zaki ijodi, Sharq va mumtoz adabiyotimiz namunalaridan xabardor bo‘lgan, talabalik yillarida rus va jahon shoir va adiblarining nodir asarlarini qunt bilan o‘rgangan. Uning 1946-yilda e’lon qilingan birinchi asari — “Vatanim” she’ri ekanligi barchaga ma’lum. Umuman u o‘zini  shu yurtsiz, vatanisiz tasavvur eta olmaydi:

Bir yonim suv, bir yonim cho‘l bo‘lmasa,

Jannat qurib bersang-da men bormayman.

Gul ham yavshan isi anqib turmasa,

U yerda men qoraqalpoq bo‘lmayman.

Ibroyim Yusupov o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari do‘stligi va birodarligining otashin kuychisidir:

O‘zbekni o‘z og‘am etgan,

Ulkan baxtni in’om etgan,

Bir qozonda osh damlatgan,

Mehri issiq tug‘ishganlik.

Shoira Nazira Matyoqubova o‘z she’rida buyuk xizmatlari bilan o’z xalqini dunyoga tanitgan  Ibroyim Yusupov ijodini quyidagicha aniq ifodalay olgan:

Balki, olimdirsan, balki fuzalo,

Kim bo‘lsang ham senga aytay bir haqni.

Ibroyim Yusupovni anglamay turib,

Anglash mumkin emas qoraqalpoqni.

Tadbir talabalar qalbida vatanga bo‘lgan muhabbatni yanada mavjlantirdi va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

 

 

Foydali havolalar