O’zLiDeP Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi tomonidan “Yangi avlod kadrlari” loyihasi doirasida navbatdagi uchrashuv Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Biologiya fakultetida tashkil qilindi. Unda partiyaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi ma’sul xodimlari, fakultetning professor-oʻqituvchilari va talaba yoshlar, partiya faollari ishtirok etdi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarni isloh etishga qaratilgan keng koʻlamli yangilanishlar amalga oshirilib, rahbar kadrlarni aholiga va har bir oilaga yanada yaqinlashtirish, ular boshqarayotgan tizimni chinakam xalqchil tuzilmaga aylantirish maqsadida kadrlar tayyorlashning zamonaviy mexanizmlari amaliyotga tatbiq qilinmoqda. Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonining mazmun-mohiyati, beshta ustuvor yoʻnalish boʻyicha 100 ta muhim maqsadni oʻz ichiga qamrab olganligi, Yangi Oʻzbekiston – keng iqtisodiy imkoniyatlar mamlakati ekanligi, Yangi Oʻzbekistonni shakllantirish jarayonida mamlakatimiz yoshlarini yetuk, bilimdon va intellektual salohiyatini yuksaltirish, yurtimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga koʻtaradigan malakali kadrlar tayyorlash, xususan, talaba-yoshlarning puxta bilim olishi, oʻzi tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi boʻlishini ta’minlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi. Partiyamiz tomonidan amalga oshirilayotgan “Yangi avlod kadrlari” loyihasining asosiy maqsadi yosh istiqbolli kadrlarni aniqlash, malakasini oshirish, ularni hokimiyat organlariga, davlat va xoʻjalik boshqaruvi hamda partiya tizimiga ishga jalb etish, yosh mutaxassislarning samarali faoliyat yuritishlariga koʻmaklashishga qaratilgan, – deydi, O’zLiDeP Nukus shahar Kengashi apparat rahbari Baxadir Adilchayev. – Qolaversa, har jihatdan yetuk va salohiyatli yoshlar zahirasini shakllantirish, ularni rahbarlik vazifalariga tayyorlash va tavsiya etish koʻzda tutilgan. Tadbir davomida talabalarning mavzu doirasidagi ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha taklif, fikr va mulohazalari tinglandi. Ularni qiziqtirgan savollarga partiyaning Respublika Kengashi mas’ullari atroflicha javoblar berdi. Tadbir davomida 10 nafar faol va tashabbuskor talaba yoshlar partiya kadrlar zaxirasiga olindi.