QDUda 1-oktabr O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi

Yurtimizda ta‘lim-tarbiya tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish, yoshlarga bilim berish va zamonaviy kasb-hunarlarga yo‘naltirish, ularni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda eng fidoyi kasb egalari, albatta, o‘qituvchi va murabbiylar hisoblanadi. Shu asosda bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 1-oktabr O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tadbir tashkil qilinib, soha fidoyilari uchun bayram dasturxoni yoyildi. Unda nuroniy ustozlar, professor o‘qituvchilar va bir qator soha fidoyilari qatnashdi.

Tadbirda universitet rektori A.Reymov, Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshlig‘i Nursultan Kayupovlar so‘zga chiqib, yosh avlodning ma‘naviy dunyosi boy, yuqori intellektual salohiyatga ega bo‘lib ulg‘ayishida fidokorona mehnat qilib kelayotgan fidoyi kasb egalari bo‘lgan aziz ustozlarni bayram bilan muborakbod etdi.

Bundan keyin, Oliy ta‘lim, fan va innovatsiyalar vazirining buyrug‘iga asosan 1-oktabr Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan oliy ta‘lim sohasida faoliyat olib borib, yosh avlodning sifatli bilim olishida o‘zining fidokorona mehnatlari bilan namuna bo‘lib kelayotgan, sohaning rivojlanishi uchun o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan bir qator soha fidoyilariga «Oliy ta‘lim a‘lochisi» ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, tadbirda bayram munosabati bilan bir qator soha vakillarini, oliygohimiz rektorati va kasaba uyushmasi tomonidan maqtov yorliqlari va bayram sovg‘alari topshirildi. Tadbir universitet talabalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.

Haqiqatan ham, biz bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, chet tillarini puxta egallab, kelajakka ulkan umid va ishonch bilan qadam qo‘yayotgan, kelajagimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan farzandlarimizning kamolida ustozlarimizning cheksiz hissasi borligini alohida ta‘kidlashimiz lozim.

QDU Matbuot xizmati

 

Foydali havolalar