
Xabaringiz bor, 31-oktabr kuni jahon hamjamiyati tomonidan «Butunjahon jamgʻarish kuni» sifatida belgilangan. Ushbu sana munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi bilan turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlarning biri Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Madaniyat saroyida tashkil qilindi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliyaviy savodxonlik va ommaboplikni oshirish departamenti, O’zLiDeP Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bosh boshqarmasi, tijorat banklaridan mutaxasislar, sugʻurta tashkiloti vakillari, yetakchi tadbirkorlar va OAV vakillari ishtirok etdi. Hech kimga sir emaski, pulni tejash, uni toʻgʻri sarflay bilish, jamgʻarish va tasarruf etishda insondan bilim va koʻnikmalar va albatta jamgʻarib borish sirlaridan boxabar boʻlishlik talab etiladi. Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida moliyaviy savodxonlik, ayniqsa, muhim. Tadbir avvalida yoshlarning moliyaviy savodxonligini tekshirildi. Mutaxassislar ushbu savodxonlik faqat oʻz daromadiga ega ishchi qatlam uchungina emas, katta hayotga qadam qoʻyayotgan yoshlar uchun ham muhimligini ta’kidladilar. Mahorat darsida moliyaviy savodxonlik haqida asosiy tushunchalar, pullarni toʻgʻri sarflash, pul jamgʻarish, ishlatilmaydigan mablagʻlardan foydalanish, kreditlar, xavfsizlik, sugʻurta va tadibrkorlik boʻyicha asosiy bilimlar berildi. Tadbir davomida ishtirokchi yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan bir qator savollariga mutaxasislardan javob oldi. Spikerlar ma’lumotlarni hayotiy misollar bilan, interaktiv usulda yetkazishga harakat qilishdi. Bu esa tinglovchilarning e’tiborini yaxshi jalb qilib, olgan bilimlarini eslab qolishlariga koʻmak beradi. Bundan tashqari tadbir davomida talaba yoshlar orasida tadbirkorlikka oid interaktiv uyinlar ham tashkil qilindi. Qolabersa eng faol ishtirok etgan talaba yoshlarga Markaziy bank tomonidan sertifikatlar, bank mahsulotlari boʻyicha yoʻriqnomalar hamda moliyaviy savodxonlikka oid kitoblar tarqatildi. Eng faol ishtirok etgan talaba yoshlar partiya safiga a’zolikka qabul qilindi va esdalik savgʻolari topshirildi. Bu kabi tadbirlar aholining moliya borasidagi bilim darajasini oshirishga, pul bilan toʻgʻri munosabat oʻrnatishga hamda firibgarlarning turli nayranglariga uchramaslik uchun ehtiyot choralarini koʻra olishga yordam beradi.
