Davlat mulkini boshqarish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi

Ma’lumki, Davlat mulkini huquqiy mustahkamlash jamiyat rivojlanishining asosiy omili hisoblanadi. Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra yuzaga keladi. Davlat fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarda ularning boshqa ishtirokchilari bilan baravar asoslarda ishtirok etadi.

Joriy yilning 9 mart kuni O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi Qonuning qabul qilinishi mamlakatimizda davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishi bilan bir qatorda Davlat mulkini boshqarish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari davlat mulkining to‘liq hisobga olinishini ta’minlash, davlat mulki ushbu Qonunda ko‘rsatilgan mezonlarga muvofiq bo‘lganda unga egalik qilish, raqobat rivojlangan sohalarda davlat mulkini xususiylashtirish, qayta tashkil etish va tugatish orqali davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv prinsiplarini joriy etish, ochiq va shaffof hisobot tizimini yaratish, vazifalari belgilab berilgan.

Xususan, Qonun bilan Davlat mulkiga bo‘lgan mulk huquqi quyidagi asoslarga ko‘ra ham yuzaga kelishi mumkin: shartnomalar va boshqa bitimlar tuzilganda, shu jumladan garchi qonunda nazarda tutilmagan bo‘lsa-da, lekin unga zid bo‘lmagan shartnomalar hamda boshqa bitimlar tuzilganda, mol-mulkni va (yoki) mol-mulkdan foydalanish huquqini, soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek davlat ulushi bo‘yicha hisoblangan dividendlarni xo‘jalik jamiyatining ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritish yo‘li bilan ulushni olishda, sud qarorlari asosida.

Endilikda, qonunga ko‘ra, quyidagi davlat mulki xususiylashtirilmaydi: O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasidagi yer, yer osti boyliklari, suv omborlari, havo bo‘shlig‘i, o‘simlik va hayvonot dunyosi, moddiy madaniy meros obyektlari, arxiv hujjatlari, davlat muzeylari va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, shu jumladan xiyobonlar va botanika bog‘lari.

Shuningdek, Davlat mulkiga egalik qilish va (yoki) undan foydalanish davlat mulkini boshqarish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Davlat mulki ijaraga, ishonchli boshqaruvga, tekin foydalanishga, saqlashga va garovga, shuningdek davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida berilishi mumkin.

Davlat mulki o‘ziga biriktirilgan shaxslar davlat mulkidan oqilona va samarali egalik qilish va (yoki) undan foydalanilishini ta’minlaydi hamda o‘ziga ishonib topshirilgan mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, unga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, uning yaxlitligini va but saqlanishini ta’minlash uchun mas’uldir.

Davlat mulki nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash va aholining ehtiyojlarini qondirish uchun, balki davlat va uning organlarining mavjud bo‘lishi hamda ularning o‘z vazifalarini amalga oshirishlari uchun zarurdir.

Zero, mazkur qonunning qabul qilinishi davlat mulkini boshqarish sohasini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

 

Ruslan Djurayev,

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti yurisprudensiya  sirtqi ta’lim 4-bosqich talabasi

Foydali havolalar