QDUda “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida “Uch avlod” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Keksa avlod vakillarining boy hayotiy tajribasi barcha davrda ham yoshlar uchun bebaho ibrat maktabi bo‘lib kelgan. Shu asosda joriy yilning 7-fevral kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida “Uch avlod” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Nuroniylar jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbari T.Abdijapparov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining nuroniy oqsoqoli, general M.Babaniyazov, “Amudaryo” jurnali muharriri, shoir X.Davletnazarov hamda yaqin hududlardagi o‘z hayot yo‘li va tajribasi ko‘pchilikka namuna bo‘lgan keksa yoshdagi ustoz professor-o‘qituvchilar bilan o‘qish va ijtimoiy tadbirlarda faol bo‘lgan talabalar qatnashdi.

Uchrashuvni universitet rektori, akademik A.Reymov ochib berdi. U o‘z nutqida yurtimizdagi so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, taʼlim sohasidagi o‘zgarishlar, shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarning tub mazmuni inson va uning manfaatlarini himoya qilishga, har bir insonga o‘z qobiliyatini yuzaga chiqarishga qaratilganligi haqida aytib o‘tdi. Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar yoshlarimizga o‘z hayot yo‘llari, ijodiy ishlari, mashaqqatli mehnatlari ortidan shunday darajaga yetganliklari haqida va bugungi kunda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, kelajakda yetuk insonlar bo‘lib yetishish bo‘yicha o‘z maslahat va tavsiyalarini berdi.

Haqiqatan ham Davlatimiz rahbarining olib borayotgan odilona siyosati tufayli O‘zbekistondagi barcha millat va elat vakillari inoq, o‘zaro totuvlikda yashab, jonajon Vatanimizning rivojlanish yo‘lida samarali mehnat qilayotgani, barcha birdek davlatimiz eʼtiborida bo‘layotgani, yoshlarni mana shunday qadriyatlar ruhida kamolga yetkazish bugungi kunning ahamiyatli vazifasi hisoblanadi. Tadbir davomida keksa avlod vakillari va faol yoshlarimizga esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbirda o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman, rus va boshqa xalqlarning milliy kuy va qo‘shiqlari ijro etilib, uchrashuv ishtirokchilariga o‘zgacha zavq bag‘ishladi. Shundan so‘ng, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rahbariyati tomonidan keksa avlod vakillari, nuroniy ustozlarga bayram dasturxoni yozilib, ularga hurmat ko‘rsatildi.

 

Foydali havolalar