
Joriy yilning 26-aprel kuni O‘zbek filologiyasi fakultetida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlab davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbek filologiyasi fakulteti dekani M.Kurbaniyazov ochib berdi va boshqarib bordi. O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri X.Abdullayev o‘z so‘zida Muhammad Yusuf she’rlaridagi vatan tuyg‘usi haqida, O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti G.Avezova esa shoirning hayot yo‘li va dostonlari haqida, O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti K.Rajapova shoir qalamiga mansub ona haqida yozilgan she’rlar, ona obrazi haqida o‘z fikirlarini bildirdilar. Shundan so‘ng talaba yoshlar tomonidan shoirning yurak-yuragimizga singib ketgan bir qancha she’rlari tinglandi.
Muhammad Yusuf ijodining badiiy ifodasi xalqona, sodda bo‘lganligi bois dillarga xuddi bahordek iliqlik bag‘ishlaydi. Inson bahorni sevsa, shoir ijodini shunday sevadi. Yurtga bahor kirib kelishi bilan tinimsiz harakat boshlanganligi kabi shoir ijodining aksariyat she’rlarida kitobxonni mushohadaga undovchi sodda falsafa, o‘ziga xos jozibali ohang, bahoriy tarovatni his qilgandek bo‘ladi go‘yo…
