Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari B.O‘temuratov rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda dastlab Fanlar akademiyasi Prezidenti Rifkat Minnixonov tabrik nutqi bilan ochib berdi va delegatsiya aʼzolarini Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasining asosiy faoliyati bilan tanishtirib o‘tdi.
Shundan so‘ng, Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi institutlari direktorlari va bo‘lim mudirlari delegatsiya oldida o‘z bo‘limlari to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berdi. Shuningdek, bir qator perspektiv ilmiy loyihalar bilan tanishtirdi. Taʼkidlash joizki, Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy markazlari bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasining bir qator ilmiy muassasalari va oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlik qilib kelmoqda.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari, Qoraqalpoq davlat universiteti rektori A.Reymov va Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi Prezidenti R.Minnixonovlar birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi va Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi, shuningdek, Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumini tuzdi.
Memorandumdan ko‘zlangan asosiy maqsad fan va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, taʼlim sohalarida ilmiy loyihalarni amaliyotga tatbiq etish hisoblanadi.





