
Xabaringiz bor, bugungi kunda barcha oliy taʼlim muassalarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Chunki, bu jarayonni to‘g‘ri tashkil etish o‘quv yilini muvaffaqiyatli boshlash va yuqori natijalarga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu asosda 5-sentyabr kuni yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlarini ko‘zdan kechirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi taʼlim fan jamoatchilik kengashi a’zolari tomonidan tuzilgan ishchi guruh D.Eshmuratov, O.Eshimbetov, I.Seytnazarovalar Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida bo‘ldi.
Dastlab ishchi guruh a’zolari universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori S.Alawatdinov bilan birgalikda universitetning axborot resurs markazi, o‘quv va ilmiy laboratoriyalar, oshxona, sport zallari, talabalar turar joylari va undagi to‘garaklarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlarini ko‘zdan kechirib, o‘zlarining ijobiy fikrlarini bildirdilar. Ushbu sport zallari talabalarning salomatligi va jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash uchun zamonaviy sport inventarlari bilan ta’minlangan bo‘lib, unda nafaqat doimiy mashg‘ulotlar o‘tkazish, balki turli sport musobaqalari va jamoaviy o‘yinlarni tashkil etish uchun ham sharoitlar yaratilgan.
Kutubxonalarda esa talabalar uchun adabiy kitoblar, ilmiy jurnallar va elektron resurslarga kirish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, talabalar turar joylarida umumiy foydalanish uchun oshxonalar, dam olish xonalari va o‘quv xonalari, talabalar o‘zaro muloqot qilishlari uchun keng imkoniyatlar mavjud. Bu o‘z navbatida talabaning rivojlanishi, qulay sharoitlarda bilim olishi va o‘z ustida ishlashi uchun muhim hisoblanadi.







