Soha vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Bugun poytaxtimizdagi «Yoshlar markazi»da Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Yuridika fakulteti talabalari ishtirokida sudyalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari, Muslimov Ikrom Tuxtamurodovich, Oliy sud kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Muxitdinov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi Tarixov Kamol Maksetovichlar mehmon bo‘lishdi.

Uchrashuvni universitet rektori, akademik Axmed Reymov olib bordi. U o‘z nutqida bugungi kunda «Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘rtasida yuridik kadrlarni tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida»gi 2 tomonlama memorandum tuzilib, bu borada samarali ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Oliy sud kadrlar boshqarmasi boshlig‘i M.Muxitdinov so‘zga chiqib, sudyalar faoliyati, sohadagi o‘zgarishlar va huquqiy islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, ish jarayonidagi kundalik vazifalar, qonunchilikdagi amaliy yangiliklar va sud tizimidagi zamonaviy tendensiyalar talabalarga tushuntirildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari I.Muslimov so‘zga chiqib, sud tizimidagi ish jarayonlari, sudyalarning majburiyatlari va mas’uliyati, shuningdek, sudyalik kasbining qiyinchiliklari, odob-axloq me’yorlari va adolat tamoyillarini o‘z ichiga olgan muhim jihatlari haqida talaba-yoshlarga keng ma’lumotlar berdi.

Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislaridan javoblar olib, ko‘plab foydali bilimlarga ega bo‘ldi. Bunday uchrashuvlar talabalarga nazariy bilimlarni amaliyotga tatbiq etish yo‘llarini o‘rgatibgina qolmay, balki kelajakdagi kasbiy faoliyatiga bo‘lgan ishonchni ham mustahkamlaydi.

Foydali havolalar