Xabaringiz bor, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, akademik A.Reymov va universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori I.Turdımambetov hozirgi vaqtda Koreya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Universitetimiz delegatsiyasi Koreya Respublikasiga tashrifi davomida mamlakatning yetakchi ilmiy markazlaridan biri hisoblangan Koreya Standartlashtirish va ilmiy-tadqiqot institutida (KRISS) bo‘ldi.
U yerda KRISS mutaxassislari ilmiy tadqiqot va standartlashtirish sohasidagi ilg‘or yutuqlar, zamonaviy laboratoriya uskunalari va metodikalar bilan tanishtirdi. Delegatsiya a’zolari institutda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar jarayonini kuzatish bilan birga, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
KRISS dagi laboratoriyalarni ko‘zdan kechirish jarayonida turli sohalar bo‘yicha tadqiqot ishlari, jumladan, fizik va kimyoviy o‘lchash usullari, materiallar va nanotexnologiyalar bo‘yicha olib borilayotgan loyihalar muhokama qilindi. Shuningdek, institut tomonidan xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ushbu tashrif davomida ikki tomonlama ilmiy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
