
Bugun, 6-yanvar kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Qurilish, Sanoat texnologiyasi, shuningdek, Geografiya va tabiiy resurslar fakultetlari professor-o‘qituvchilarining 2024-yil yakuni va yangi 2025-yilga mo‘ljallangan rejalari bo‘yicha hisobotlari tinglandi.
Dastlab Qurilish fakulteti dekani T.Uzaqov, Sanoat texnologiyasi fakulteti dekani R.Qurbaniyazovlar, shundan so‘ng, Geografiya va tabiiy resurslar fakulteti dekani N.Yembergenovlar fakultetlar tomonidan o‘tgan yili amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Yig‘ilishda universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori O.Duysenbayev ishtirok etib, 2024-yil uchun belgilangan rejalar ijrosi hamda ilmiy-tadqiqot ishlari, xalqaro hamkorlik va talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlarni tanqid qildi.
Ta’kidlanganidek, 2024-yilga mo‘ljallangan rejalarning ayrim qismlari to‘liq amalga oshirilmagani va bu jarayonlarda yuzaga kelgan kamchiliklar, xususan, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan integratsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish zarurligi, shuningdek, kelgusida ta’lim sifatini oshirish, ilmiy loyihalar sonini ko‘paytirish va talabalar bilimini yanada mustahkamlash bo‘yicha har bir fakultetga aniq vazifalar belgilab berildi.
Yig‘ilish yakunida rejalashtirilgan maqsadlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish uchun professor-o‘qituvchilar jamoasining mas’uliyatini oshirish muhimligi alohida ta’kidlandi.
QDU matbuot xizmati




