QDU rektori universitetning Axborot resurs markazida talabalar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi

Bugun 10-yanvar kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, akademik Axmed Reymov universitetning Axborot-resurs markazida bo‘lib, u yerda o‘qish davrida va qishki imtihonlar oldidan talabalarga kitob o‘qish uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv adabiyotlari va xorijiy adabiyotlar bilan ta’minlanganlik holatlarini ko‘zdan kechirdi. Unda universitetning barcha prorektorlari ishtirok etdi.

Dastlab rektor A.Reymov markazning o‘quv zallari, elektron kutubxona, o‘quv adabiyotlari fondi va xorijiy adabiyotlar fondi faoliyati bilan tanishdi. U yerda talabalarga yaratilgan qulayliklar, jumladan, zamonaviy texnologiyalarning ishlash jarayoni, yuqori tezlikdagi internet va interaktiv xizmatlar haqida Axborot resurs markazi direktori R.Kalmurzayeva tomonidan batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, rektor o‘quv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shu bilan birga, rektor A.Reymov va prorektorlar Axborot resurs markazi xodimlari bilan uchrashib, ularning faoliyati, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida suhbatlashdi. Xususan, xorijiy adabiyot fondini yanada boyitish, elektron resurslardan foydalanishni kengaytirish va talabalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Rektor o‘z nutqida qishki imtihonlar davrida talabalarning bilim darajasini oshirishda kitob va o‘quv resurslarining ahamiyatini alohida ta’kidladi. U talabalarga yaratilgan bunday imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirib, universitet rahbariyati tomonidan bu borada har tomonlama yordam berilishini ta’kidladi. Tadbir yakunida rektor Axborot resurs markazi xodimlarining fikr-mulohazalarini eshitib, ularning talablariga mos ravishda markaz faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha prorektorlarga zarur topshiriqlar berdi.

QDU matbuot xizmati

Foydali havolalar