Har yili 11-yanvar sanasi “Xalqaro qo‘riqxonalar va milliy bog‘lar kuni” sifatida belgilab kelinadi. Bu sana 1997-yildan boshlab yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish markazi va Jahon yovvoyi tabiat jamg‘armasi tashabbusi bilan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish, tabiiy muhitni asrab-avaylash, hayvonot va o‘simlik dunyosining ko‘plab turlari, shu jumladan yo‘qolib borayotgan turlarni saqlash va tiklash masalalariga keng jamoatchilikning e’tiborini qaratish maqsadida belgilanadi.
Ushbu sana munosabati bilan 11-yanvar kuni Biologiya fakultetida ilmiy seminar tashkillashtirildi. Ilmiy seminarda “Sudoche-Aqpetki” buyurtma qo‘riqxonasi, “Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati”, “Orolbo‘yi milliy tabiat bog‘i”, “Saygachiy” kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasi mutaxassislari va Biologiya fakultetining professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistrantlar va talaba yoshlar ishtirok etishdi.
Seminar davomida mutaxassislar, professor o‘qituvchilar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashib, bu kunning ahamiyati, bugungi kunda bu sohada olib borilayotgan ishlar, Qoraqalpog‘iston sharoitida biologik xilma-xillik holati, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish uchun yaratilgan sharoitlar, sohadagi o‘ziga xos kamchiliklar, bahorgi va kuzgi sanoq davrida olingan qiziqarli ma’lumotlarni aytib o‘tdi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi. Tadbir ko‘taringki kayfiyatda qiziqarli tarzda bo‘lib o‘tdi.



