Bugun, 17-fevral kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining Arxitektura fakulteti hamda Geografiya va tabiiy resurslar fakultetida kiber jinoyatchilikning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori O.Duysenbayev va yoshlar masalasi hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori S.Alawatdinov so‘zga chiqib, bugungi kunda kiber jinoyatchilikning keng tarqalayotgani, internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarning o‘g‘irlanishi, soxta saytlar orqali foydalanuvchilarning aldanishi kabi xavf-xatarlar haqida batafsil ma’lumot berishdi.
Ma’ruzachilar yoshlarni internet va ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanishga, shaxsiy ma’lumotlarini begona shaxslarga oshkor qilmaslikka, shubhali havolalarga kirmaslikka va kiber xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga chaqirishdi. Shuningdek, yoshlar orasida onlayn firibgarlik qurbonlari bo‘lib qolmaslik uchun qanday ehtiyot choralarini ko‘rish lozimligi bo‘yicha ham tavsiyalar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida real hayotdan misollar keltirilib, kiber hujumlar va ularning oqibatlari haqida tushunchalar berildi. Internetdagi noma’lum sahifalar va soxta akkauntlar orqali tarqatilayotgan yolg‘on ma’lumotlar, virtual maydonda sodir etilayotgan noqonuniy faoliyatning oldini olish bo‘yicha ham tavsiyalar berildi.
Ushbu tadbir yoshlarning kiber xavfsizlik borasidagi xabardorligini oshirish, ularning virtual dunyodagi faoliyatini yanada himoyalashga ko‘mak berish maqsadida tashkil etildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, bunday targ‘ibot tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazilishi lozimligini ta’kidladilar.
Esda tuting, har birimiz kiber makonda o‘z xavfsizligimizni ta’minlash uchun mas’ulmiz! Kiber jinoyatchilikka qarshi kurash – barchamizning burchimizdir!


