QDUda Akademik Xolboy Ibraimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi, taniqli olim, akademik Xolboy Ibraimov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi. Uchrashuvni universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori O.Duysenbayev olib bordi. Uchrashuv davomida akademik Xolboy Ibraimov mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ilmiy tadqiqotlarning jamiyat rivojidagi o‘rni va yosh olimlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdi. U o‘zining ilmiy faoliyati, tadqiqot yo‘nalishlari va yillar davomida erishgan natijalari bilan bo‘lishib, ilm-fan sohasida yetuk mutaxassis bo‘lish yo‘lidagi muhim tamoyillarni ta’kidladi.

Shuningdek, akademik yoshlarni ilmiy izlanishlarga faol jalb etish, ularning innovatsion tafakkurini shakllantirish, yangi ilmiy g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, zamonaviy ilm-fan rivojining ustuvor yo‘nalishlari, xalqaro ilmiy hamkorlikning ahamiyati va yosh tadqiqotchilar oldida turgan vazifalar haqida batafsil ma’lumot berdi.Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan akademikga murojaat qilishdi. Savol-javob jarayonida Xolboy Ibraimov yoshlarni o‘z ustida tinimsiz ishlash, ilmiy tadqiqotlarda faol ishtirok etish va jamiyat rivojiga hissa qo‘shish yo‘lida izlanishga chaqirdi. Uchrashuv yakunida universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan kelgusidagi ilmiy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Bunday tadbirlar yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularda ilm-fanga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish va yetuk mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Foydali havolalar