
Bugun, 21-fevral kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida «Rektor va yoshlar» mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rektori, akademik Axmed Reymov, universitetning barcha prorektorlari, bo‘lim boshliqlari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.Tadbirni universitet rektori Axmed Reymov ochib berdi. U o‘z so‘zida joriy yilning 14-fevral kuni Hurmatli Prezidentimiz tomonidan mamlakatimiz yoshlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvga to‘xtalib, unda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi.
Rektor yoshlarning ilmiy izlanishlari, tashabbuslari va kelajak rejalariga alohida e’tibor qaratib, universitet rahbariyati tomonidan talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi. Shuningdek, uchrashuvda universitetda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar haqida so‘z yuritildi. Uchrashuv ikki formatda tashkil etildi. Dastlab umumiy suhbat tarzida talaba-yoshlarning fikr va takliflari tinglangan bo‘lsa, ikkinchi qismi yakka tartibda talabalar rektorga o‘zlarining murojaatlarini bildirdi.
Shuningdek, uchrashuvda talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Asosan ta’lim sifatini oshirish, dars jarayonlarini innovatsion texnologiyalar yordamida takomillashtirish, ilmiy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish, sport va madaniy tadbirlarni ko‘paytirish kabi masalalar atrofida savol va takliflar bildirildi.
Talabalarning taklif va tashabbuslarini diqqat bilan tinglab, ularning har biri bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishini ta’kidladi. Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tib, yoshlar uchun foydali bo‘ldi. Ularning fikr-mulohazalari inobatga olindi. Tadbir yakunida rektor yoshlarga o‘qish va izlanishlarida muvaffaqiyatlar tilab, universitet rahbariyati doimo ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini yana bir bor ta’kidladi.

