Avval xabar berganimizdek, bugun 7-mart kuni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ushbu tantanali tadbirda universitetning professor-o‘qituvchilari, faxriy ustozlar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni universitet rektori, akademik A.Reymov ochib berdi. U barcha xotin-qizlarni bayram bilan samimiy tabriklab, ularning jamiyatdagi, ilm-fan va ta’lim sohasidagi beqiyos o‘rnini alohida ta’kidladi. Rektor o‘z so‘zida xotin-qizlarni qadrlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga to‘xtalib, xotin-qizlar uchun yaratilayotgan sharoitlar yuksak e’tibordan dalolat berishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisi M.Atamuratov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi nomidan bayram bilan tabrikladi. U xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shayotgan hissasi, shuningdek, yosh avlod tarbiyasidagi xizmatlari haqida so‘zlab berdi.
Bayram tadbiri davomida universitetning San’atshunoslik fakulteti jamoasi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi. Ushbu dasturda milliy va zamonaviy qo‘shiqlar, raqslar, badiiy chiqishlar hamda jonli ijrolar tomoshabinlarga taqdim etildi. Musiqiy chiqishlar zalda bayram kayfiyatini yaratib, yig‘ilganlarga unutilmas lahzalarni hadya etdi.
Tadbir doirasida universitetda faoliyat yuritayotgan bir qator xotin-qizlar, professor-o‘qituvchilar va xodimlarning mehnati e’tirof etilib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, tadbir doirasida viktorina o‘yinlari o‘tkazilib, g‘oliblarga sovg‘alar topshirildi. Shu bilan birga, Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan universitet xotin-qizlari uchun bayram dasturxoni yozildi. Ushbu bayram tadbiri hammada o‘zgacha taassurot qoldirib, mehr-muhabbat, hurmat-ehtirom muhitida yakunlandi.


