Prezidentimizning yoshlar uchun yaratib berayotgan shart-sharoitlari har jabhada oʻz aksini koʻrsatmoqda. Fan, texnika sohalarida talaba yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilib berilmoqda. Hozirgi kunda universitetimizda tilshunoslik sohasida ham yangiliklar qilinyapti. Koʻplab talabalarimiz oʻz ustozlari bilan birgalikda turli ilmiy anjuman va konferensiyalarda faol ishtirok etishmoqda. Aynan tilshunoslikka qiziquvchi talaba-yoshlar uchun “Yosh tilshunoslar” klubi tashkil etilgan boʻlib, Yoshlar ittifoqi boshlang’ich tashkiloti qoshida ish olib boradi.
Mart oyining oxirida Oʻzbek filologiyasi fakulteti tomonidan ushbu klub oʻz faoliyatini boshladi. Bu klubning ilk mashgʻulotini Oʻzbek tilshunosligi kafedrasi mudiri filologiya fanlari nomzodi, dotsent I.Kazakov boshlab berdi. U oʻz nutqida talabalarni ilmiy izlanishlarga, tilshunoslikdagi muammoli jihatlarni oʻrganishga va tahlil qilishga, yangiliklar yaratishga undadi.
Talaba-yoshlar guruhiga boshchilik qilish uchun klub rahbarligiga 3-bosqich talabasi Yusufova Dilrabo tavsiya qilindi. U respublikamizning bir necha nufuzli ilmiy anjumanlarida qatnashib, maʼruzalar qilgani, Amerika Qoʻshma Shtatlari, Rossiya, Ukraina, Serbiya, Hindiston, Qozogʻiston kabi davlatlarida ilmiy maqolalari chop etilgani, fakultetimizning iqtidorli talabalar qatorida ekanligi aytilib oʻtildi. Ushbu taklif talaba-yoshlar oʻrtasida maʼqullandi.
Klubda ilmiy savodxonlik oshirilib, ilmiy maqolalar qanday yozilishi, nimalarga e’tibor qaratilishi haqida tushunchalar beriladi. Oʻquv mashgʻulotlarini malakali oʻqituvchi va professorlar olib borishadi. Nutq madaniyati shakllantiriladi va talaba-yoshlarni bahs-munozaralarda faollikka chorlaydi.
“Yosh tilshunoslar” klubi sizni qaysi yoʻnalishda tahsil olishingizdan qatʼiy nazar oʻz davrasiga taklif qiladi. Zeroki, ilmiylikka asoslangan jamiyatda tarbiyalangan har bir yosh avlod kelajakda, albatta, oʻz oʻrnini topishiga ishonchimiz komil!
Dilrabo Yusufova,
Oʻzbek filologiyasi fakulteti 3-kurs talabasi.