Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017 yilda tashkil etilgan mamlakatimizning turli hududlarida ijod qilayotgan yoshlarni jamlash va qo’llab-quvvatlashni maqsad qilgan “Respublika yosh ijodkorlar kengashi” yildan yilga yangi tashabbus va bir qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. O’tgan qisqa vaqt ichida kengash ko’plab yoshlarni o’z atrofiga birlashtirdi, iste’dodlarni kashf qildi. Bugungi kunda ular rag’batlantirilib, qo’llab-quvvatlab kelinmoqda. 9-13 may kunlari Xiva shahrida bo’lib o’tgan “O’zbekiston bahori” II respublika an’anaviy ijod festivali ham ana shu ezgu maqsad yo’lidagi muhim tadbirlardan biridir.
Festivalda Respublikamizning barcha hududlaridan minglab yoshlar ichidan saralab olingan yosh iqtidor sohib-u sohibalari she’riyat, nasr, jurnalistika,fotografiya, tasviriy san’at, dramaturgiya yo’nalishlarida o’z iste’dodlarini namoyish qilishdi. Ular bilan bir safda bo’lish, Xosiyat Rustamova , Zebo Mirzo kabi ustoz shoirlar bilan tashkil etilgan ijodiy uchrashuvlar, davra suhbatlari va mahorat darslarida saboq olish baxti menga ham nasib qilgani, Xivaning tarixiy maskanlari, bebaho madaniy obidalari bilan yana ham yaqinroq tanishib olganim, turli viloyatlardagi uzoq yillik qadrdonlarim bilan diydorlashish va yangi ijod ahli bilan o’rnatgan musatahkam aloqam, sarguzashtlarga boy ertakona kunlar hayotimda o’chmas izini qoldirdi, desam mubolag’a bo’lmaydi.
Men va men kabi yosh ijodkorlarning rivojlanishi, el-yurt madaniyati va san’atiga munosib hissa qo’shadigan insonlar bo’lib kamol topishi yo’lida bu kabi ulkan tadbirlar katta ahamiyat kasb etadi.
O’zbek filologiyasi
talabasi
Sharipbayeva Nazokat