TIL SOFLIGIGA HAR BIRIMIZ MASʼULMIZ

Mamlakatimizda  oʻzbek tilining nufuzini yanada yuksaltirishda 1989-yilning 21-oktabrida “Davlat tili haqida” gi Qonunning qabul qilinishi katta ahamiyat kasb etdi. Bu bilan huquqiy asosda onadek muqaddas tilimizni koʻz qorachigʻidek avaylab-asrash, yanada boyitish imkoniyatlari yaratildi.  

 

    Bugungi kunda oʻzbek tilining lugʻat xazinasi yangi soʻzlar bilan boyib bormoqda. Taʼkidlash joizki, ona tilimiz soʻzga boyligi, rang-barangligi bilan boshqa tillardan ajralib turadi. Biroq, ming taassufki, bugungi texnologiyalar davrida aksariyat insonlar, ayniqsa, yoshlar tomonidan tilimizga nisbatan eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻyilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali ifoda etilayotgan muloqot jarayonida yuz berayotgan imloviy xatoliklarda bunga guvoh boʻlamiz. Toʻgʻri, bu ular uchun unchalik ahmiyatli emas. Chunki, ularning yozganlarini anglamasak ham, yoshlarning doʻstlari bu “til”ni yaxshi tushunadi. Yoshlar oʻzlari uchun kashf etgan yangi zamonaviy “lugʻat” allaqachon butun ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida ommalashib boʻlgan.

       Shu kabi muammolarning oldini olish maqsadida Oʻzbek filologiyasi fakultetida “Til sofligiga har birimiz masʼulmiz” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Suhbatda Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi oʻqituvchilari K.Baymenova va Y.Nurjanovalar ishtirok etdilar. Ular bugungi globallashuv jarayonida, axborot texnologiyalari taraqqiyoti davrida tilning sofligini saqlab qolish, uni milliy boylik sifatida asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga yetkazish masalasi juda muhim jarayon ekanligini taʼkidladilar. Zero, oʻzbek tilimizni bor jozibasi bilan asrash, uni millatimizning, xalqimizning haqiqiy boyligi sifatida ulugʻlash va kelajak avlodlarga yetkazish har bir yurtdoshimizning yurak amriga, ezgu niyatiga aylanadi. Negaki til orqali millatning maʼnaviyati, madaniyati, bebaho qadriyatlari namoyon boʻladi. Shuning uchun tilimizning sofligini asrash har birimizning muqaddas burchimiz. 

 

Yulduz Nurjanova

Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi oʻqituvchisi

 

 

Foydali havolalar