Ona Vatan va istiqlol kuychisi

 

Vatan! Sen ne ajib hilqatsanki, isming eshitgach sening tugʻyoning chechak ochgan qalblarga bir zum sukunat tushib, yurakka bandi bu badanni chumolilar ishgʻol qilgandek boʻladi, goʻyo. Sen haqingda qancha gapirsak ham oz.

Shuning uchun ham shoir borki, qaysidir goʻzal misralariga «Vatan» soʻzi ila jilo beradi.

Men dunyoni nima qildim,

Oʻzing yorugʻ jahonim,

Oʻzim xoqon, Oʻzim sulton,

Sen taxti Sulaymonim,

Yolgʻizim, Yagonam deymi,

Topingan koshonam deymi,

Oʻzing mening ulugʻlardan

Ulugʻimsan, Vatanim…

Vatanni shu tarzda ulugʻlagan, xalqimiz sevgan ijodkor, betakror  sheʼrlar muallifi Muhammad Yusufning yorqin  ijodi barchamizga maʼlum.  Ona Vatanni sevish, uni ardoqlash, himoya qilish insoniy   burch, shu bilan bir qatorda qalbning eng oliy tuygʻularidan biri ekanligini shoir oʻz sheʼrlarida ifodalab beradi. Muhammad Yusuf bunday satrlarni bitar ekan, ajdodlarimizga boʻlgan hurmatni, Vatanning naqadar ulugʻvorligini koʻrsatib oʻtgan.

26-aprel Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 69 yilligi munosabati bilan universitetimizning 1- sonli talabalar turar joyida adabiy kecha o‘tkazildi. Tadbirga O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi Yulduz Nurjanova, ARM yetakchi mutaxassisi Davletmuratova Mirixan, pedagog-tarbiyachi Shaniyazova Saida, hamda Oʻzbek filologiyasi fakulteti tyutori O‘razimbetova Aytgul hamda talaba yoshlar ishtirok etishdi. Muhammad Yusuf ijodini oʻrganish boʻyicha ilmiy tadqiqotlarga bagʻishlangan maʼruzalar o‘qib eshittirildi. Yoshlar tomonidan goʻzal sheʼrlar oʻqildi hamda shoir ijodiga bastalangan qoʻshiqlar kuylandi. Tadbir soʻnggida shoir she’rlarining yosh xonandalar tomonidan ijro etilgan bir qator kuy-qo‘shiqlari dillarga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

 

 O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi Y.Sh Nurjanova

 

Foydali havolalar