
Bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Kreativ ta’lim va innovatsiyalar – yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining asosi” shiori ostida ilmiy konferentsiya boʻlib oʻtdi. Konferentsiya doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi barcha oliy ta’lim muassasalarining 60 nafarga yaqin yosh olimlari, iqtidorli talabalar hamda startap jamoalarining 150 ga yaqin ilmiy innovatsion ishlanmalari, startap loyihalari doirasidagi tadqiqot natijalari namoyish qilinib, bu konferentsiya ishtirokchilarida katta taassurotlar uygʻotdi. Konferentsiya ishini universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori I.Turdimambetov ochib berdi va boshqarib bordi. Konferentsiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi Innovatsion rivojlanish sektori boshlig‘i E.Abduganiev ham soʻzga chiqib, bugungi kunda Qoraqalpogʻiston mintaqasidagi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari faoliyati, hududdagi mavjud ekologiya va atrof muhit muammolarini hal etishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlar va ularning samaradorligi borasida fikrlar bildirdi hamda konferentsiya ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Bundan soʻng konferentsiyaning yalpi majlisi qismi boshlanib, unda Qoraqalpoq davlat universitetining “Yarimoʻtkazgichlar fizikasi” kafedrasi mudiri, fizika-matematika fanlari doktori, professor Qanatbay Ismaylov “Quyosh energiyasi: buguni va kelajagi” mavzusidagi, Nukus davlat pedagogika institutining “Botanika va ekologiyani oʻqitish metodikasi” kafedrasi dotsenti, biologiya fanlari doktori (DSc) Ajiev Alisher “Рост и развитие MALACOCARPUS CRITHMIFOLIUS (RETZ.) C.A.MEY в условиях Каракалпакского Приаралья” mavzusidagi, Qoraqalpogʻston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar universiteti “Mevachilik, sabzavotchilik va polizchilik” kafedrasi assistenti Ruslan Seilbekov “Shimoliy hududlarda yetishtirishga mos behi navlarini tanlash” mavzusidagi qiziqarli ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Konferentsiya soʻngida “Mirzo Ulugʻbek vorislari” respublika tanlovi gʻolibasi Dinara Qallibekova oliy ta’lim muassasalarining iqtidorli talabalari, yosh startapchilar jamoalari, ilmiy innovatsion ishlanmalar yaratishga qiziquvchi yoshlar uchun bevosita oʻzi gʻoliblikni qoʻlga kiritgan “Mirzo Ulugʻbek vorislari” tanlovida ishtirok etish talablari hamda shartlari, shu va shu kabi boshqa tanlovlardagi muvaffaqiyatlari hamda erishgan yutuqlari toʻgʻrisida keng mazmunda ma’lumotlar berib oʻtdi. Konferentsiya yakunlanishi bilan unda ishtirok etuvchilar haftalik doirasida 2023 yil 19 oktyabr kuni – “Ilm-fan va tijoratlashtirish kuni” etib belgilanganligi munosabati bilan tashkil etilgan ilmiy va innovatsion ishlanmalar koʻrgazmasida qatnashib, ularda startap loyihalar, ilmiy innovatsion ishlanmalar mualliflari boʻlgan yosh olimlar va iqtidorli talabalar oʻz ixtirolari, ilmiy va innovatsion gʻoyalari hamda ishlanmalari toʻgʻrisida koʻrgazma ishtirokchilariga keng tarzda maʻlumotlar berib oʻtdi. Konferentsiya ishi va uning doirasida tashkil etilgan koʻrgazma tadbirlari yuqori tashkilotchilik va taassurotlarga boy tarzda oʻtkazildi.

