Til – inson uchun berilgan buyuk ne’mat, u milliy madaniyatning ham tarkibiy qismidir. U nafaqat aloqa quroli, balki inson shaxsini fazl-u kamolga yetkazuvchi, uning xulqi, odobi, insoniy xislat va fazilatlarining uyg‘unligini ta’minlovchi ibrat va tarbiya manbai hamdir. Zero, u xalqqa kuch-quvvat, ruhiy barkamollik bag‘ishlaydi.
Darvoqe, jamiyat hayoti, inson kechinmalari naqadar rang-barang bo‘lsa, til ham shu qadar serjilodir. Til qanchalik serqirra bo‘lsa, boyisa millat ma’naviyati ham shu qadar yuksaladi. Bu borada shevalarimizning ham o‘rni beqiyos.
Bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti O‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari bilan mazkur masalada shevashunos olim bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu uchrashuvga Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti, professor Tolib Enazarov tashrif buyurdi.
Davra suhbatini dastlab fakultet dekani M.Kurbaniyazov ochib berdi va talabalarni shevashunos olim bilan tanishtirdi. Ularga olimning ilmiy-pedagogik faoliyati borasida qisqacha bayon qildi. Qoraqalpog‘istondagi sheva masalalari va O‘zbek shevashunosligi masalalari bo‘yicha qisqacha bayon qildi.
So‘ngra professor Tolib Enazarov O‘zbek shevashunosligi masalalari yuzasidan talabalar bilan qizg‘in suhbat o‘tkazdi. Darvoqe, dialektologiyaning bugungi kundagi holati yuzasidan ko‘proq fikr-mulohazalar yuritdilar. Suhbat davomida bir qancha takliflar ham o‘rtaga tashlandi. Xususan, O‘zbek shevalarining izohli lug‘atini yaratish borasida atroflicha fikr almashildi.
Bundan tashqari O‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti Z.Ibragimova ham bobolar, momolar nutqidagi so‘zlarni, rivoyatlarni bugungi kun uchun moslashtirib transkripsiya qilish borasida, O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti N.Yangibayeva esa jadidchilik harakati namoyondalari asarlari va tilidagi sheva masalasi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.
Davra suhbati yakunida O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri Sh.Abdullayev uchrashuvda nihoyatda dolzarb masalalar qaralganligini yuksak e’tirof bilan ta’kidladi. Shuningdek, Namangan va Termizdagi o‘quv dargohlari kabi Qoraqalpoq davlat universitetida ham shevashunos olimlar bilan ilmiy hamkorliklar qilish, ilmiy anjumanlar o‘tkazishni taklif qildi. Talabalar ham qiziqtirgan savollariga javob oldilar. Uchrashuv juda mazmunli o‘tdi.

