Mardlik va jasorat xalqimizning eng oliy fazilatlaridan biri. To’maris, Barchinoy singari mard, jasur momolarimiz haqidagi haqiqat va afsonalar tillardan-tillarga o’tib kelayotgani bejiz emas, albatta.
Mana shunday mardonavor hayoti bilan tarixda o’chmas iz qoldirgan ayollar, momolarimiz, haqida so’zlovchi yangi kitob “Tarixda dong taratgan qizlar” nomi ostida chop etildi. Kitob muallifi “Shuhrat” medali sohibasi, O’zbekiston va Qoraqalpog’iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Sharigul Fayzullayeva.
U 1962 yil Xojayli tumanida tug’ilgan. QDUning filologiya fakultetini tamomlagan. 2004 yildan buyon Berdaq milliy muzeyida direktor lavozimida faoliyat ko‘rsatadi. Bugun ushbu muzeyda Sh.Fayzullayevaning yangi kitobi taqdimoti bo’lib o’tdi.
Taqdimot davomida muallif o’z kitobiga shonli tarixda dong taratgan bir qator ayol va qizlarni kiritganligini aytib, tarixga bir nazar tashladi. Jumladan, Aruxan, To’rabekxonim, Hurliman, Guliston, Nabira, Nozlimxonsuluv, Oyimxon singari ayollarning hayot yo’liga urg’u berdi.Taqdimotda “Kitobxonlar klubi” a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
Dilafruz OBLOQULOVA,
Jurnalistika ta’lim yo’nalishi 1-bosqich talabasi.
