Bugungi kunda buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy va adabiy merosni o‘rganishga Prezidentimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Talaba-yoshlarni insonparvarlik ruhida tarbiyalash va milliy qadriyatlarimizni anglashda buyuk ajdodlarimiz tajribasining ahamiyati juda muhimdir. Shunday siymolardan biri yirik davlat va jamoat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburdir.
«Bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan har qancha faxrlansak arziydi. O‘zbek xalqining dovrug‘ini dunyoga taratgan ulug‘ ajdodlarimizdan biri o‘laroq, ul zot bizni tariximizni qadrlashga kelajakka buyuk ishonch bilan qarashga o‘rgatadi», deb ta’kidlagan edi muhtaram Yurtboshimiz.
Bobur bizga nafaqat katta ilmiy-ijodiy meros qoldirgan, balki o‘zining hayot yo‘li bilan ham qalbimizda Vatanga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otishda o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Bu yil shoh va shoir Bobur hazratlarining tavalludiga 537 yil to‘ladi. Shu munosabat bilan butun respublikamizda, shuningdek, universitetimizda ham boburxonlik kechalari o‘tkazilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri joriy yilning 13-fevral kuni Qoraqalpoq davlat universiteti madaniyat saroyida “Milliy madaniyatimiz rivojida Bobur ma`naviy me’rosi” mavzusida ilmiy-amaliy anjumandir.
Ilmiy-amaliy anjumanni Qoraqalpoq davlat universitet Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori v.v.b. I.Jumaniyozov kirish so‘zi bilan ochib berdi va kelgan mehmonlar bilan talabalarni tanishtirdi. Shundan so‘ng f.f.n.,dots. I.Kazakov “Boburning o‘zbek adabiy tili ravnaqiga qo‘shgan hissasi”, t.f.n., dots. G.Karamonova “Temuriylar tarixida Boburning tutgan o‘ni”, f.f.n.,dots. K.Aralboyev “Bobur va qozoq adabiyoti”, f.f.d.,dots. O.Gayliyeva “Bobur va turkman adabiyoti” mavzularida bir-biridan qiziqarli ma`ruzalarni o`qib berdilar. G.Karamonova o‘z ma’ruzasida:“Vatandoshimiz Bobur 12 yoshidan boshlab taxt va saltanat ishlari bilan band bo‘lishiga qaramasdan, mumtoz shoir, nazariyotchi adabiyotshunos, tilshunos, san’atshunos, etnograf, geograf, tarixchi, hayvonot va nabotot olamining bilimdoni sifatida ko‘p qirrali faoliyat olib bordi. Birgina “Boburnoma” asari uning yigirmadan ortiq sohalarga qiziqqanligiga yaqqol misol bo‘la oladi” – deb ta`kidladi.
Shundan so‘ng navbat O‘zbek filologiyasi fakulteti talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy qismga berildi. Talabalar Boburning g`azallari va ruboiylaridan aytib berishdi. “Andijoncha”, “Xorazmcha” va o‘zbek milliy raqslarini namoyish qilishdi. “Bobur Mirzoning Samarqandga yurishi”, “Ibrohim Lodiy bilan jangi” va “Humoyunning kasallanib qolishi” kabi sahna ko‘rinishlarini namoyish qilishdi.
Tadbir talaba-yoshlarda katta taassurot qoldirdi. Ularning Zahiriddin Muhammad Bobur me’rosiga bo‘lgan qiziqishlarining yanada oshishiga sabab bo`ldi.
Bahriddin Abdulamitov,
O‘zbek filologiyasi fakulteti Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich
tashkiloti yetakchisi.
