Men uchun hozirgacha o`qigan barcha badiiy kitoblarimning bir jihati o`zaro o`xshash–kitobni o`qib tugatganimdan so`ng asardagi voqea-hodisalarning bari xuddi men bilan sodir bo`lgandek tuyuladi va bular bir umrga qalbim to`ridan joy oladi go`yo. Inson zotida shunday xususiyat borki, u sevgan kitobini qayta-qayta o`qiydi, o`ziga yod bo`lgan satrlarni o`qishdan tolmaydi. Va yana har o`qiganida o`zi uchun yangi dunyoni kashf qiladi. Bu hol, albatta, kitobni bir bora o`qib tushunmay, ikkinchi marta tushunishga harakat qilish emas, balki kitobni sevish, kitob muallifi o`z kitobidagi har bir so`zga o`zining yurak qo`rini qo`shib yozganligini his etishdir. Men juda zeriksam, pokiza tuyg`ularni sog`insam, qo`limga astagina Abdulla Qodiriyning “O`tkan kunlar”ini olaman. Axir o`zini Kumushbibi yoki Otabek deb tasavvur etmagan, Otabek yoxud Kumush muhabbatidek pokiza ishqni orzu etmagan, o`zimizning milliy urf-odatlarimiz tasviridan zavqlanmagan kitobxon bormikan?! (Men uchun bu zavqni dilida tuymaganlar olam lazzatidan bexabarlardir.)
G`.Gulom, H.Olimjon, Mirtemir, A.Oripov, E.Vohidov, M.Yusuf she’rlari qalbimga yaqin. Men uchun she’riyat, she’riy kitoblar sehr olami. G`.G`ulom yillar ortida turib hamon o`ksik qalblarga “Sen yetim emassan” deya, H.Olimjon qalb ohanglarini so`zga ko`chirib “Vodiylarni yayyov kezganda, Bir ajib his bor edi menda” deya, Mirtemir o`zbek ayoli bardoshiga tan berib “Sensiz keng jahon ham sira jahonmas, Toshbu” deya, M.Yusuf vatanga bo`lgan muhabbatini eng rangin nurlarga o`rab “Rimni alishmasman bedapoyangga” deya, yonginamizda turib A.Oripov “Men nechun sevaman O`zbekistonni” deya, E.Vohidov “Sobit-u sayyorada inson o`zing, inson o`zing” deya kitoblar qatida turgandek…
Kitobga muhabbat, haqiqatan, maqtovga loyiq. Ba’zan kitob “jinnilari” ustidan kuladilar, aslida bu kulguvchilarning o`zlari kulgiga loyiqdirlar, chamamda. Kitobga muhabbat qo`yganlarga aslida havas bilan qarash kerak… Ulug` yozuvchi F.M.Dostoyevskiyning ta’kidlaganidek: “Atrofimda o`zgalarining bo`sh vaqtlarini qanday o`tkazishni bilmay, eng bema’ni ish va o`yin-kulgularni o`ylab topayotgan kishilarni ko`rar ekanman, qo`limga kitob olamanda, o`z-o`zimga: yolg`iz shuning o`zi bir umr kifoya-ku deyman”. Haqiqatan ham, kim kitobni sevsa, kitobga mehr qo`ysa, u hech qachon sodiq do`sti, xaloskor maslahatgo`yi, quvnoq birodari, haqiqiy yupatuvchiga ehtiyoj sezmaydi. O`qish, o`rganish, fikr yuritish bilan odam o`zini baxtiyor ovutadi va bo`sh vaqtini hamisha hatto taqdirning barcha kutilmagan sinovlarida ham bardash bera oladi.
Mening nazarimda, na kino olami, na ajoyib tomosha, umuman, san’atning biror turi, na kompyuter, na internet saytlari insonni kitob darajasida lazzatlantira olmaydi. Vaholanki, kitob mutoalasi o`quvchi istaydimi, yo`qmi, yuksak badiiy asar uni ma’lum voqealarga baho berishgagina emas, balki o`sha baho berish yo`li haqida, hayotning asosiy masalalari, uning maqsadi, ma’nosi, undagi adolat, nohaqlik va hokazolar haqida mulohaza yuritishga majbur etadi. Demakki, tafakkur yuksaladi, ma’naviyat oshadi, inson borliqni anglab boradi. Kitobga mehr qo`ymagan, kitob o`qishni o`zining sevimli mashg`ulotiga aylantira olmagan kishilar hech qachon o`zini, o`zligini anglay olmaydi. Zero, Vektor Gyugo aytganidek: “Kitoblar jonsiz, ammo sodiq do`stlardir».
Otabek Raximbayev,
Qoraqalpoq davlat universiteti Geografiya va tabiiy resurslar fakulteti 3-bosqich
Gidrometereologiya bakalavr ta’lim yo’nalishi talabasi,
«Yil talabasi-2019» respublika tanlovining «Yilning eng faol bloger talabasi» nominatsiyasi 3-o’rin sohibi.