UNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi Qoraqalpog‘istonning tarixiy yodgorliklarini UNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish uchun tadqiqot ishlarini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning buyrug‘i bilan Qoraqalpog‘istonda mintaqadagi madaniy meros obyektlarining salohiyati va qiymatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ekspeditsiyasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2020-yil 24-yanvarda Oliy Majlisga qilgan murojaatida hukumatga O‘zbekistondagi yodgorliklarni UNESKOning moddiy va nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritishni tezlashtirish vazifasini qo‘ydi.
2021-yil apreldan maygacha bo‘lgan davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida xalqaro ekspeditsiya ish olib borgan bo’lib, u mintaqaning tarixiy va madaniy merosi obyektlari salohiyati hamda qiymatini baholadi va ularni ro‘yxatlarga kiritishning keyingi strategiyasini ishlab chiqdi. Ekspeditsiya UNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, shuningdek, viloyat hokimliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borgan xalqaro ekspertlar guruhi tarkibiga arxeologiya, arxitektura, madaniyat hamda yodgorliklar tarixi va hujjatlari sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar kiritildi. Ekspeditsiya Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (IICAS) homiyligida va London Universitet kolleji ko‘magida «Markaziy Osiyo arxeologik landshaftlari» loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Markaziy Osiyo mintaqasi tarixida ilk bor yangi metod va uskunalardan foydalangan holda obyektlarni batafsil hujjatlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ma’lumotlarni yig‘ish uchun mutaxassislar uchta uchuvchisiz uchish vositasidan foydalanganlar. To‘rt ixtisoslashgan guruh 8000 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi. Tadqiqotlar natijasida viloyatning 53 ta yodgorliklari haqida materiallar olindi, 67 000 dan ortiq aerosuratlar va 144 ta videofilmlar olindi. To‘liq tadqiqot 5 000 gektardan ortiq maydonni qamrab oldi.

Tadqiqot natijalari batafsil aerosuratlar va har bir yodgorlikning uch o‘lchovli modeli iborat bo‘ladi hamda uning asosida tabiiy, me’moriy, infratuzilma, maishiy va boshqa elementlar aniqlanadi.
Keng miqyosli tadqiqotlar asosida xalqaro ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston tarixi va madaniyatining noyob obyektlarini saqlash bo‘yicha global strategiyani va ularni UNESKOning nufuzli xalqaro ro‘yxatiga kiritish dasturini shakllantirishga imkon beradi.

Milliy komissiya to‘g‘risida ma’lumot: UNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan hukumat tashkilotidir. U tegishli vazirlik va idoralar bilan umumiy asosda idoralararo hamkorlikni amalga oshiradi, shuningdek turli milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Манба: «karakalpakstan.travel»