O‘tkir Hoshimov olamning go‘zalligi, insoniyatning shu go‘zallikka munosabatini, gumanizm mohiyati va qadr-qimmatini butun ijodi badiiy to‘qimalariga yoyilib ketgan milliy ma’naviyat ifodasiga singdiradi. Odamzodning ruhiy barkamolligi, ezgu maqsadi haqida falsafiy teran tasvir yo‘nalishi adib dunyoqarashi va nazariy tasavvuri kengligidan dalolat beradi. Shuning uchun ham ijodkorning har bir asarida xoh u kichik janr bo‘lsin, xoh yirik hajmli badiiy polotno bo‘lsin, e’tiqod, oqibat va mehr-muhabbat tushunchalari talqini markaziy chiziqni tashkil etadi. To‘g‘rirog‘i, sog‘lom e’tiqod qahramon xarakterining uzviy qismiga aylanadi. Tasvirdagi ravshanlik esa aynan kichikdan kattaga, xususiy hodisalardan hayotiy umumlashmalarga intilishga moyillikning kuchliligi bilan izohlanadi. O‘z navbatida, yozuvchi g‘oyaviy munosabati xalq ruhiyati, milliy urf-odatlarini atroflicha tahlil qilish vositasida oydinlashadi. Bu munosabat insoniyat kelajagiga ishonch bilan qarash, uni idrok etish va tushunish nuqtai nazaridan uslubiy yaxlitlik kasb etadi. Aslida uslubning asl mazmuni ham millat irodasi va maqsad-intilishlarini chuqur o‘zlashtirishga borib taqaladi. Chunki mazkur tushuncha xarakterli belgini axtarish va unga urg‘u berish mushtarakligidan oziqlanadi.
O‘tkir Hoshimov «Cho‘l havosi» qissasini yaratgandan so‘ng uning kelajakda o‘zbek nasrining darg‘alaridan biri bo‘lishi bashorat qilina boshlandi. Xususan, A.Qahhorning samimiy tilaklari bilan yo‘llangan maktubida yozuvchi ijodiy kelajagiga ishonch ruhi aks etgan. Asar janr jihatidan o‘ziga xoslikka ega bo‘lib sujet chizig‘ini qahramon xatlari va unda tasvirlangan voqealar munosabati tashkil etadi. Garchand g‘oyaviy mundarija sotsialistik realizm talablari asosiga (qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish) qurilgan bo‘lsa-da, qissa shakliy ishlanishlar yo‘lidagi dastlabki qadam bo‘lib, ijodkor uslubi shakllanishida muhim o‘rin tutadi. Keyinchalik badiiy shakl va falsafiy uyg‘unlik adib ijodiy manerasining yetakchi atributi darajasiga ko‘tariladi. 1966-yilda yaratilgan «Odamlar nima derkin» qissasi ikki sevishgan: G‘ayrat va Nilufarning taqdiridan bahs yuritadi. Ikkala yosh ham talaba, ular o‘rtasidagi samimiy munosabat ancha chuqurlashgan. Biroq, tadqiq sahniga ko‘tarilgan muhabbat hayotiy to‘siqlarga duch keladi. Nilufarning hayotda hech kamchiligi yo‘q, o‘ziga to‘q xonadon farzandi hisoblanadi. Faqat uning qalbida kamchilik mavjud: onasi erta vafot etgan. To‘rt-besh yoshligidan o‘gay ona qo‘lida tarbiya olgan. Garchi ayol bor mehr-muhabbatini baxshida etsa ham, baribir tuqqan onaning o‘rnini bosa olmaydi. Aynan shu vajdan qizning doimo mahzun, ma’yus holatda tasvirlanishi tabiiydek taassurot uyg‘otadi. Dadasi esa uni bir zootexnik qarindoshiga uzatmoqchi. Shunda Nilufar sevgilisi G‘ayratga shunday deydi: «Onam bo‘lganida shunaqa gaplarni eshitmasmidim, -dedi u anchadan keyin o‘kinib, -Onamni es-es taniyman. To‘rt yoshimdami, besh yoshimdami o‘lib ketgan». Ayon bo‘lyaptiki, muallif o‘z asarida ona va bola munosabati to‘g‘risida dastlabki tezisni ilgari suradi. Nisbatan keyinroq yozilgan «Odam ovozi» hikoyasida ona qiyofasi asosiy planga chiqadi. Matbuotda jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan bu asar bir qarashda, sotsialistik realizm metodiga asoslangan holda yozilgan bo‘lsa-da, unda hukmron mafkura qoliplariga to‘g‘ri kelmaydigan jihatlar bor.
Adabiyotshunos olima M.Sultonova quyidagicha ta’riflaydi: «Mastura xolaning (hikoya qahramoni -Sh.M.) yolg‘iz qolishga faqat o‘zi aybdor. Yevropa adabiyotida yolg‘izlik fojiasi katta sotsial fojia sifatida talqin qilinayotgan bir pallada bizda yolg‘izlik tushunchasining nisbiy ekanligi, bunday fojialar chiqib kelishi mumkin emasligini qattiqroq ta’kidlash ham mumkin edi». Darhaqiqat, shu davr adabiyoti tamoyillariga zid ta’sir usuli e’tiroz tug‘dirishi mumkin: Mastura xola fe’l-atvorida g‘alati qarama-qarshilik mavjud. Biroq muallifning maqsadi oddiy o‘zbek ayolining mustahkam iymoni, barqaror e’tiqodini ko‘rsatishga yo‘naltirilgan. Aynan qahramonning eski uyini tashlab ketmasligi ham mazkur xususiyatlar bilan bog‘liq. Birinchidan, uy marhum eriga bo‘lgan cheksiz muhabbati, sadoqati timsoli. Ikkinchidan, ayol ilk go‘dak yig‘isini shu xonadonda eshitgan, farzand tuyg‘usini shu yerda his qilgan. Ona va bola o‘rtasidagi mehr-muruvvat rishtalari milliy mentalitetimizning o‘zagini tashkil etishini hisobga olsak, Mastura xolaning telbavor xatti-harakatlari mohiyati oydinlashadi. Hikoyada ona qalbida yashirin samimiy tuyg‘ular silsilasi ijtimoiy me’yorlarni tan olmaydi. To‘g‘rirog‘i, Mastura xola jamiyatning baxtli yoki baxtsiz a’zosi ekanligi ta’kidlanmayapti, balki shaxs quvonch-iztiroblari, his-tuyg‘ulari ikkinchi planga chiqib qolganligi illat sifatida baholanyapti. Shu nuqtai nazardan M.Sultonovaning da’vosi bir yoqlama va torroq mulohazani ifodalaydi.
Profofessor O.SHarafiddinov O‘.Hoshimov asarlarini jozibador qilgan, ularga o‘ziga xos badiiy tarovat baxsh etgan ikki xususiyatini ko‘rsatadi. Ulardan biri, adib badiiy asarni yengil targ‘ibot vintchasiga aylantirmasligi bo‘lsa, ikkinchisi, asardan kelib chiqadigan muammolarning hammasi eng murakkab savollarga javob izlash kishini hayajonga soluvchi yuksak badiiy shakllarda amalga oshirilishidir. Taniqli adabiyotshunosning mulohazalarini to‘ldirgan holda aytish mumkinki, lirik hissiyot ko‘lami adib izlanishlarining tabiiyligi yuzaki bayon, sxematik ifodadan xoli bo‘lishini ta’minlaydi. Shaklning o‘zgaruvchan tabiati ehtirosning yuqori pardalarda berilishi bilan uyg‘unlashib O‘.Hoshimov ijodining badiiy yaxlitligini ta’minlaydi.
O‘zbek filologiyasi fakulteti
2-kurs talabasi Allaberdiyeva Durdona