Aslida shoirlar bu dunyoning odami emas, ular boshqacha olamlardan kelib qolgan odamlar. Chunki, ular bu dunyoga sig’maydilar, ular boshqalar kabi yashay olmaydilar. Shoirlar biz ko’rib turgan dunyoning hech kim ko’ra olmaydigan tomonlarini badiiy vositalar orqali kashf qilib beradi. O’zbek she’riyatiga chaqmoqday kirib kelgan ulkan iste’dod egasi shubhasiz Muhammad Yusufdir.
Muhammad Yusuf o’zbek she’riyatini o’zining ko’plab she’rlari bilan boyitdi. Uning she’riyatida inson ulug’lanadi, VATAN va OTA-ONAga cheksiz muhabbat kayfiyati o’quvchini tom ma’noda hayratga soladi:
Topmoq-yo’qotmoqdir,
yo’qotmoq- topmoq,
Sen so’lib,
Men yashab,
To’lishimga boq.
Sensiz topganimdan
Ko’proq yo’qotdim –
Sen meni yupatding,
Seni yig’latdim,
Sen meni yaratding,
Seni tugatdim.
Uyalmay Ona deb,
Kelishimga boq!
Shoir ONA degan mo’tabar zot oldida qanchalik qarzdor ekanligimizni shunday bo’yoqlarda tasvirlayaptiki, o’quvchi beixtiyor o’yga tolib qoladi. Shu bilan birga Muhammad Yusuf tom ma’nodagi vatanparvar shoir edi. Shoir vatanni til bilan emas dil bilan sevishi yaqqol sezilib turadi:
Yurtim, ko’nglingdek keng osmonlaring bor,
Yulduzni yig’latgan dostonlaring bor.
Osmonlaringda ham diydoringga zor,
Jayrondek termulgan Cho’lponlaring bor……
…Qurboning bo’layin, ey onajonim,
Sening faryoding – mening fig’onim,
O’tmishingni o’ylab qiynalar jonim,
Aytsam ado bo’lmas dostonlaring bor.
Shoir jondan ortiq ko’rgan ONA VATAN bilan xuddi onasidek suhbatlashadi, unga yuragini o’rtayotgan bor gaplarni to’kib soladi. She’rni o’qigan she’rxon esa o’z hayotini yana bir bor tahlil qilib ko’rishga o’zida mas’uliyat sezadi. M.Yusufning eng ajoyib she’rlaridan biri albatta «Yaxshi» she’ridir. Unda shoir o’zining hayot haqidagi qarashlarini hamda o’zi anglab yetgan falsafani bayon qiladi:
Ey do’stlarim, bu dunyoda
Ortda qolgan iz yaxshi,
Bulbuli yo’q bahordan,
Qumri to’la kuz yaxshi.
Minnat to’la xalvodan
Ayvondagi muz yaxshi,
O’pich ko’rgan paridan
Sepkil toshgan yuz yaxshi,
Ichmasang ham qimiz zo’r,
Quchmasang ham qiz yaxshi.
Ey do’stlarim, dunyoda
Ortda qolgan yod yaxshi,
To’qligingda yo’qlagan
Qarindoshdan yot yaxshi,
O’nta nomard do’stingdan
Bitta cho’loq ot yaxshi.
Olisdagi oltindan
Quchoqdagi gard yaxshi,
Vafosi yo’q xotindan
Da’vosi yo’q dard yaxshi,
G’alamiz bergan g’aznadan
Burda arpa non yaxshi,
Qirqta chala mulladan
Bitta musulmon yaxshi.
Shoir «Tilak» she’rida sharq xalqlariga xos bo’lgan, donishmandona fikrlar bilan
to’yintirilgan, jahoniy va umuminsoniy noyob she’r yozishga muyassar bo’ldi:
Har kimning ham sochlariga oq tushsin,
Ajin tushsin yuzlariga, dog’ tushsin.
Har kimning ham quvvat ketib belidan,
Qo’llariga aso – bir tayoq tushsin.
Iymoni sof, yuzga kirib yorug’ yuz,
To’ylar ko’rib yelkasidan tog’ tushsin
Jismiga so’nggi safar oldidan
O’z bolasi qo’lidan tuproq tushsin…
Muhammad Yusuf o’zbek she’riyatida noyob hodisa. Chunki, Muhammad
Yusufdek millionlab qalblarni zabt etgan shoirlar barmoq bilan sanarli. Shoir o’rtaga tashlagan masalalar hozir ham, kelajakda ham o’zining dolzarbligini yo’qotmaydigan asl she’riyatdir. Shoir butun ijodi davomida avvalo insoniylikka sodiq qolish va haqiqiy inson bo’lish uchun undan talab qilinadigan narsalar: oliyjanoblik, sadoqat, mehr-oqibat, vatanparvarlik haqida yozdi.
She’riyat osmonining yorqin yulduzi Muhammad Yusuf qalamidan dur bo’lib
sochilgan she’rlar mangulikka dahldor bo’lib asrlar davomida insoniyatga xizmat qilishi shubhasizdir.
O‘zbek filologiyasi fakulteti
1-bosqich talabasi Reyimbayev