Til-madaniyat timsoli

    Har millatning ko‘rki, bor boyligi Ona tili orqali ifodalanadi va ota-bobolarning boy me’rosi Ona allasi bilan jismimizga jo bo‘ladi. Tilning obro‘-e’tiborini saqlash, bor go‘zalligi bilan uni sevish va kelejak avlodga ko‘z qorachig‘idek avaylab yetkazish har bir insonning burchidir.

   O‘zbek tili jahon tillari orasida o‘z obro‘siga ega, chiroyli talaffuzi, mehr-muhabbatga to‘la kalomi bilan ajralib turadi. Hozirgi kunda yurtimiz bo‘ylab o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini oshirish va o‘sib kelayotgan avlodlar ko‘nglida tilga muhabbat va hurmat tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida ko‘pgina tadbirlar o‘tkazilmoqda.

   Bugun ana shu maqsadda Filologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) Yangibayeva Nazira Gulmanovna va O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi Karimboyeva Charoslar rahbarligi ostida universitetimizning Chet tillari fakultetida “Til-madaniyat timsoli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida ushbu fakultetning Inglis tili va adabiyoti ixtisosligi, 114,115-guruh talabalari ishtirok etdi. Tadbir davomida Nazira Yangiboyeva va Charos Karimboyevalar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 33 yillik bayrami bilan talabalarni tabriklab, tilning millat hayotidagi o‘rni va hozirgi zamon o‘zbek tilining masalalari haqida ma’ruza qilishdi. Davra suhbati davomida talabalar o‘zlari tayyorlab kelgan maqolalari bilan o‘rtoqlashib, o‘zbek tilining bor go‘zalligi va jozibasi, davlat tili sifatidagi o‘rni, tilning inson hayotidagi ahamiyati haqida fikr almashishdi. Davra suhbati Ona tili haqidagi she’rlar bilan davom etdi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Ibrayim Yusupov, Rasul Hamzatov singari so’z san’ati ustalarining she’rlari barcha talabalarni o‘ziga maftun etdi.

  Tadbir davomida o‘zbek tilining til sifatida shakllanishi va o‘zbek xalqining millat sifatida saqlanib qolishi uchun kurashgan jadidlar hayoti va ularning tilimizning rivojiga qo‘shgan ulushi haqida videoroliklar qo‘yib berildi va fikr almashildi. Talabalar tomonidan ishlangan videoroliklar ham tabdirga o‘zgacha ruh berdi.

Chet tillari fakulteti, 115-guruh talabasi

Kirkbaev Arislanbay

      

Foydali havolalar